Ayollar orasida o‘tkaziladigan diniy-ma’rifiy ishlarni hamda islom diniga oid rasm-rusumlarni bajarishda odatda otinoyilar xizmatidan foydalaniladi. Otinoyilar sof islom dinini aqidaparastlikdan farqlay olishi, atrofda kechayotgan jarayonlarga daxldor bo‘lishi, xotin-qizlarni turli salbiy kuchlar va ularning ekstremistik g‘oyalari ta’siridan himoyalashga qodir bo‘lishi kerak, deb yozadi Zarnews.

Foto: Zarnews

Albatta, otinoyilar o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va tegishli qonunlar hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi buyruqlari asosida tashkil etadi. Biroq ma’naviy muhitga salbiy ta’sir etayotgan va bid’at-xurofotlarga boshchilik qilayotgan ba’zi bir otinoyilar ham uchraydiki, biz ularni ko‘pam farqlayvermaymiz.

“Aslida “otinoyi” so‘zining istilohiy ma’nosi – qizlar o‘qituvchisi, din va shariat bilimdoni hamda ayollar o‘rtasidagi diniy marosimlarga boshchilik qiladigan, xalq orasida katta obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan kayvoni ayoldir. Biroq bugun ilmi yo‘q, bir-ikki oyat, hadisni chala yodlab olgan, behuda gaplar-u, asossiz rivoyatlar bilan odamlarni chalg‘itayotgan ayollarning borligi kishini ranjitadi”, — deydi O‘zbekiston Musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili Z.Eshonqulov.

Umuman, ilmsiz otinoyilar yo‘l qo‘yayotgan xatoliklar nimalardan iborat: Birinchidan, ba’zi otinoyilar o‘zining yetarli bilimi bo‘lmagani holda diniy rasm-rusumlarga boshchilik qilish bilan birga bid’at-xurofot ishlarda tashabbuskorlik ko‘rsatishyapti. Bu bilan faqat o‘zlarini emas, balki ularga ergashuvchilarni ham zalolatga boshlashmoqda. Ya’ni, ayrim xotin-qizlar ongiga o‘rnashib qolgan irim-sirimlar va bid’at-xurofotlarga raddiya bildirish o‘rniga, ularga bosh-qosh bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, baloi nafs yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan ba’zi otinoyilar ayollarga xos ishonuvchanlik, soddadillik va itoatkorlik kabi xususiyatlardan foydalanib, ularni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishyapti. Ishonchni suiiste’mol qilib, soddadil ayollarni aldash yo‘liga o‘tmoqda.

Uchinchidan, ba’zi otinoyilar suhbatlarida faqat do‘zax azobi, qabr hayoti va qiyomat dahshati yoki jannat vasfi haqida gapirib, qalbga vahima yoki hayrat soladi. Aslida Yaratganning muhabbatiga ma’rifat va Haq taolo rozi bo‘ladigan ezgu ishlar bilan erishiladi.

To‘rtinchidan, ilmsiz otinoyilar dinni oson qilib yetkazish o‘rniga amallarni mushkul qilib izohlash, qo‘rqitish yo‘lini tutadi. Otinoyilar ibodat masalalarini haddan ziyod qiyinlashtirib ko‘rsatishlari oqibatida, ayollar orasida Islom diniga nisbatan noto‘g‘ri tushunchalar paydo bo‘lyapti.

Beshinchidan, folbinlik kabi gunoh ishlar bilan shug‘ullanadiganlar orasida otinoyilikni da’vo qiladiganlari ham borligi kishini qattiq ranjitadi. Vaholanki, dinimizda folbinlik, sehr-jodu qattiq qoralangan.

Oltinchidan, ko‘p otinoyilar to‘y, aqiqa, xotira marosimlarining farqiga bormaydi. Shuningdek, ular diyorimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o‘zlari turli adabiyotlardan o‘qigan yoki eshitgan fikrlarni gapirib, kishilar orasida ixtiloflarni keltirib chiqarishmoqda.

Yettinchidan, otinoyilarning diniy mutaasiblikka chuqur berilishi, boshqalarni mensimaslik, bilib bilmay siyosatga aralashishi, ma’raka va marosimlarda ko‘rsatgan xizmat uchun narxlar belgilab olish, “sertifikat oldim” deb ko‘ngliga kelgan salbiy harakatlarga yo‘l qo‘yish, jumladan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniniga zid ravishda xotin-qizlarga diniy saboq berish holatlari kuzatilmoqda.

Aslida xotin-qizlarni, bolalarni komillik sari yetaklash vazifasi azaldan ayol ustozlar — otinlar zimmasida bo‘lgan. Imom Buxoriy, Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sinoning ulug‘ olim bo‘lishlariga ma’rifatli ayollar, mo‘’tabar onalar sababchi. Navoiydek shoirlarni ham, Mirzo Boburdek hukmdorlarni ham ana shunday onalar tarbiya qilishgan.

Demak, hozirgi zamon otinoyisi ham chuqur hayotiy tajribaga ega, dunyoviy va diniy bilimlar sohibasi, milliy-diniy qadriyatlarni asl holida aholiga yetkaza oladigan ayollar bo‘lishi kerak. Eng muhimi, otinoyi Islom dini mohiyatini to‘liq tushuna bilishi, mazhablar haqida ma’lumotga ega bo‘lishi, dunyoda yuz berayotgan hodisalardan xabardor bo‘lishi zarur.