Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani sudining ochiq sayyor sud majlisida sudlanuvchi M.Sheraliyevaning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.
M.Sheraliyeva 1969-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, uch farzandning onasi. U ayni farzandlariga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, o‘rnak bo‘ladigan yoshida jinoyatga qo‘l urdi.
M.Sheraliyeva pul topishning oson yo‘llarini qidira boshladi. Shunday kunlarning birida tanishi K.Haydarova yaxshigina o‘ljaga aylandi. M.Sheraliyeva K.Haydarovaning ishonchiga kirib, nabirasi Shahriyorni O‘zbekiston Respublikasi IIV akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, undan 8 ming AQSh dollarini o‘zlashtirib oladi va pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuboradi.
Ayblanuvchi dastlabki tergovda va sudda K.Haydarovadan olingan pullarni o‘z ehtiyoji uchun sarflaganini inkor qilmadi. Aslida, K.Haydarovaning nabirasini IIV akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yish niyati ham, u yerda mansabdor tanishlari ham bo‘lmagani, Shahriyor o‘qishga o‘zi kirib ketolmasa, pulni qaytarib berish maqsadida aldaganini bayon qildi.
Sud sudlanuvchi M.Sheraliyevaga nisbatan jazo tayinlashda uning jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagani, aybiga qisman iqror bo‘lib, hozir pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani hamda u istiqomat qiladigan mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan berilgan kafolatnomani muhokama qilib qaror qildi.
Unga nisbatan jamiyatdan ajratmagan holda jazo tayinlash, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanishi lozim topilib, axloq tuzatish ishlari jazosini tayinlash maqsadga muvofiq, deb hisoblandi.
Ayblanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor, deb topildi va unga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Izoh (0)