“Hali yana top darajada futbol o‘ynashni xohlayman. Yevropani hozircha tark etish ishtiyoqida yonayotganim yo‘q. Kamiga 26 yosh faoliyatimda tanaffus qilish uchun juda erta deb bilaman”, — degan edi Stefan al-Shaaravi La Repubblica nashriga bergan intervyusida.

Foto: Instagram

Mazkur intervyudan bir hafta o‘tib esa, Stefan o‘ylanib qoldi.

Nima uchun Stefan baribir Xitoyga ketdi?

Bu yerda asosiy masalani xohlaymizmi yoki yo‘q baribir pul hal qilgani ko‘rinib turibdi. Stefanning “Roma” bilan shartnomasi bir yildan keyin, ya’ni 2020-yil 30-iyunda yakunlanar edi. U bilan shartnomani uzaytirish borasida muzokaralar yangi sport direktori Janluka Petrakining asosiy vazifalaridan biri edi. Biroq u muzokaralarni boshlashga ham ulgurmadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, al-Shaaravi “Roma”dan 4 yillik shartnoma va yiliga 3 million yevro maosh so‘ragan. Shunda ham bonuslardan tashqari. Bu orada “Shanxay Shenxua” futbolchiga “Roma”dan so‘raganidan 5 barobar ko‘p maosh taklif qildi — 16 million yevro.

Bu taklif kelishi bilan faqat bitta masala qolgandi, xolos. Klublar kelishsa bo‘ldi edi. Xitoy klubi futbolchi uchun “Roma”ga 10 million yevro taklif qildi, rimliklar esa 30 million yevro talab qildi. Oxir-oqibat tomonlar 18 million yevroda bir to‘xtamga keldi.

Mana endi esa Stefan al-Shaaravi dunyodagi eng ko‘p haq to‘lanadigan italiyalik futbolchiga aylandi-qoldi.

Eng ko‘p haq to‘lanadigan italiyalik futbolchilar ro‘yxati:

  1. Stefan al-Shaaravi — 16 million yevro
  2. Gratsiano Pelle — 15 million yevro
  3. Sebastyan Jovinko — 10 million yevro
  4. Marko Verratti — 6 million yevro
  5. Janluiji Donnarumma — 6 million yevro
  6. Jorjinyo — 5,5 million yevro
  7. Leonardo Bonuchchi — 5,5 million yevro
  8. Eder — 5,2 million yevro
  9. Lorenso Insinye — 4,6 million yevro
  10. Jorjio Kyellini — 4 million yevro

Italiya A Seriyasida faqatgina bir futbolchi Stefandan ko‘proq maosh oladi — Krishtianu Ronaldu (yiliga 31 million yevro). Mauro Ikardi (4,5 million yevro) va Gonsalo Iguain (7,5 million yevro) ning maoshini qo‘shib hisoblasa ham Stefan Xitoyda ulardan ko‘proq pul topadi.

Shu bilan Stefanning faoliyati yakunlanadimi?

Balki al-Shaaravining o‘zi hali qaysi Shanxay klubiga o‘tganini anglab yetmagandir. Axir u Halk, Oskar va Odil Ahmedov to‘p surayotgan “Shanxay SIPG”ga emas, balki Xitoy chempionatida 16 ta jamoa orasida 14-o‘rinda borayotgan, quyi ligaga tushib ketishi mumkin bo‘lgan “Shanxau Shenxua” klubiga o‘tdi. Chempionat yakuniga qadar hali oldinda yana 14 ta tur bor. Biroq klubning oliy divizionda qolishi uchun Stefan ham yordam bera olmasligi mumkin. 6-iyul, shanba kuni “Shenxua” o‘sha yuqorida nomi tilga olingan Halkdan bir emas, ikkita gol qabul qilib, 1:3 hisobiga “SIPG”ga mag‘lub bo‘ldi. Undan avvalgi turda esa jamoa “Guanchjou Evergrand”ga 0:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi. 14 ta o‘yinda 10 ta mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 18-29. Al-Shaaravini Xitoyda unutilmas onlar kutib turgani esa isbot talab qilmas aksiomaga aylangani ayni haqiqat.

Eng katta savol esa Stefan qachon Yevropaga qaytadi? Aksel Vitsel va Paulinyo bilan bog‘liq misollarni oladigan bo‘lsa, al-Shaaravi bemalol yana Yevropa yashil maydonlariga qaytishi mumkin. Axir Vitsel va Paulinyo “Borussiya D” hamda “Barselona”ni e’tiborini torta oldi-ku!?

Stefan esa endigina 26 yoshda. Uning “Shenxua” bilan shartnomasi 3 yilga mo‘ljallangan. Butun faoliyati davomida ishlashi mumkin bo‘lgan pulni 3 yilda topib, ortga qaytish rejasi har holda yomon emas, to‘g‘rimi!?

“Shanxay Shenxua” yana kimlarni sotib olishi mumkin?

Yozning boshlari Italiya sport nashrlari “Yuventus”ning kolumbiyalik a’zosi Xuan Kuadradoning “Shenxua”ga o‘tishi mumkinligi haqida xo‘b va ko‘p yozdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, xitoyliklar Kuadradoga yillik 10 million yevro maosh taklif qilgan. Bundan tashqari kechagina “Shanxay SIPG” bilan shartnoma imzolagan Marko Arnautovich “Shenxua”ga kelishi mumkinligi haqida xabarlar berildi. Shuningdek, “Spartak” vakili Fernando, “Inter” a’zosi Ivan Perishichlar bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida bong urilmoqda.

Bunday transfer “Roma”ga nimaga kerak?

Rim klubi bosslari har transfer oynasida yetakchilardan voz kechishda davom etmoqda. O‘tgan yozda klub Alisson, Strootman va Nainggolan bilan xayrlashgandi. Undan avval esa Muhammad Saloh hamda Antonio Ryudigerni sotib yuborgandi. Endi esa klub jamoa sardori Daniyel de Rossi, himoyachi Kostas Manolas hamda Stefan al-Shaaravi bilan xayrlashdi. Kamiga jamoaning asosiy hujumchisi Edin Jeko “Inter”ga o‘tishi kutilmoqda. Klub 2013—2019-yillar oralig‘ida har mavsum 28,5 million yevrodan 126,9 million yevrogacha futbolchi sotdi. “Roma” A Seriyada o‘tgan mavsumni 6-o‘rinda yakunladi. Jamoa shundan so‘ng deyarli yarim tarkibini yangiladi Italiyada umuman faoliyat olib bormagan murabbiyni olib keldi. Agar yangi mavsum “Roma” hozir “Shenxua” yurgan o‘rinlarda bo‘lsa, hech kim hayron qolmasligi ham tabiiy hol bo‘ladi. Al-Shaaravi ham Xitoyga aynan shu jihatlarni hisobga olib ketgan bo‘lsa ne ajab.

“Roma” xo‘jayini Jeyms Pallotta esa klub olayotgan foyda yildan yilga ko‘payib borayotganligidan mamnun.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!