Tashkent City’ning to‘rtinchi lotida barpo etilayotgan osmono‘par binoga sarf etilayotgan temirdan 25 mingta nufuzli avtomobil ishlab chiqarish mumkin. Bu haqda 5-iyul kuni Murad Buildings va Turkiyaning Ozguven quruvchilik kompaniyalari rahbarlarining jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Anjumanda ta’kidlanishicha, Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida qurilayotgan yirik loyiha — 215 metrdan ortiqroq balandlikka ega osmono‘par bino, ya’ni to‘rtinchi lot inshootini barpo etish ishlarini Murad Buildings va Turkiyaning Ozguven quruvchilik kompaniyalari amalga oshirmoqda. Yaqin vaqt ichida 1,5 gektar hududida qaddini rostlaydigan inshootning rasmiy nomini 2019-yilning avgust oyi o‘rtasida e’lon qilish rejalashtirilgan.

Jurnalistlar bilan muloqotda Murad Buildings kompaniyasi rahbari Murod Nazarov binoni barpo etishda Ozguven kabi ishonchli hamkor topilganidan mamnunligini bildirdi.

“Ikki yildan buyon katta loyihani yuksak darajada ro‘yobga chiqarish istagi bilan ishlab kelmoqdamiz. Endilikda katta orzuni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilmoqdamiz. Biz shahar qalbidan munosib o‘rin egallaydigan, uning qoq markazida qad rostlaydigan, zamonaviy va innovatsion me’morchilik yechimlarini o‘zida mujassam etgan inshoot barpo qilmoqdamiz”, – dedi Murad Buildings kompaniyasi rahbari.

“Prezidentimiz mamlakatning rivojlanishi borasida o‘zining yorqin qarashlari bilan ko‘plab insonlarni, jumladan, bizni ilhomlantirishda davom etmoqda. Ushbu ko‘tarinki ruh bizga Tashkent City’ning xalqaro loyihasida ishtirok etish fursatini yaratib berdi. Biz deyarli ikki yil davomida ushbu loyiha ustida katta ishtiyoq bilan va ushbu loyihani eng yuksak tarzda amalga oshirish istagi bilan ishlab kelmoqdamiz”, — dedi Nazarov.

Ozguven quruvchilik kompaniyasi rahbari O‘zgur O‘zguvennning ma’lum qilishicha, bino loyihasi uchun turkiyalik tajribali mutaxassislar tavsiyalari inobatga olingan bo‘lib, bu kabi ulkan bunyodkorlik ishlariga juda katta hajmdagi qurilish materiallari ishlatiladi.

“Biz Markaziy Osiyo va Buyuk Ipak Yo‘li markazida joylashgan ushbu loyihada ishtirok eta olayotganimizdan juda ham baxtiyormiz. Biz o‘z nou-xaularimizni qo‘llashdan tashqari, Turkiyaning yirik universitetlaridan mashhur olim va professorlarni jalb qilib, ularning mutaxassis sifatidagi maslahatlarini amaliyotga tadbiq etdik. Arxitektura va muhandislik nuqtai nazaridan juda batafsil tadqiqot va loyihalashtirish ishlari olib borildi. Binoning qurilishi jarayonida granitdan mustahkamroq bo‘lgan M700 beton turi ishlatiladi. Birgina poydevor uchun quyiladigan betondan har biri 80 kvadrat metrga teng 700 ta xonadon qurish mumkin bo‘lardi. Butun ob’ekt uchun ishlatiladigan betondan esa 5000 ta bunday xonadonlarni qurish mumkin. Agar qurilishda ishlatiladigan barcha metal armaturani bir biri bilan ketma ket ulaganda, ularning umumiy uzunligi 7,5 ming kilometrni tashkil etadi. Bu Tashkent City’dan Istanbulgacha bo‘lgan masofadan ko‘proq. Ushbu miqdordagi metaldan 25 mingta nufuzli avtomobil ishlab chiqarilishi ham mumkin edi”, — dedi O‘zgur O‘zguven.

Turkiyalik ishbilarmon O‘zgur O‘zguven ajdodlarining tarixiy vatani – ota yurtida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihasida qatnashayotganidan mamnun ekanligini qo‘shimcha qildi.

Reklama huquqi asosida.