Namangan tumani aholisi davlat xizmatlarini o‘z ichiga eng yaxshi, so‘ngi texnologik yechimlar va an’analarni mujassam etgan, zamonaviy Markazda olish imkoniga ega bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufidagi Davlat xizmatlari agentligi xabar qiladi.
“Obod markaz” Dasturi doirasida qurilgan mazkur markaz binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi, hududiy adliya bo‘limi hamda Namangan tumani Davlat xizmatlari markazi joylashgan.
Markaz xodimlari tuman aholisiga tezkorlik, qulaylik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan 80 dan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatishdan hamisha mamnun.
DXM o‘zidayoq FHDYo va Notariat organlari xizmatlarini va fuqarolik pasportini olish, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish imkoni mavjud. O‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan investorlar uchun esa alohida darchalar har doim huquqiy yordam berishga va zarur xizmatlari ko‘rsatishga tayyor.
Zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar davlat xizmatini olishingiz uchun qadam-baqadam yo‘naltiradi. Elektron navbat olish uchun infokiosk ishlab turibdi. Talonni olib kutish zalidagi shinam o‘rindiqlarga joylashishingiz mumkin. Monitorlar orqali esa navbatingiz kelgani haqida xabardor qilib, qaysi qabul oynasiga o‘tish kerakligi ko‘rsatiladi.
Yanada qulaylik yaratish maqsadida bu yerda bolalar o‘yingohi, ona va bola hamda tibbiyot xonalari, kutubxona hamda kafe ishlab turibdi. Tashrif buyuruvchilar bepul Wi-Fi dan foydalanish imkoniga ega.
Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun tegishli aravacha va pandus o‘rnatilgan. Umuman olganda, har bir fuqaroga — alohida e’tibor, jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari hisobga olingan.
Davlat xizmatlari agentligi fuqarolar uchun yanada qulayliklar yaratishda davom etishini bildirdi.
Izoh (0)