Poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan “O‘simliklar klinikalari – qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuv” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Unda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlash, zararli organizmlardan xoli va ekologik toza mahsulot yetishtirish, chet davlatlarga meva-sabzavot eksportini yanada kuchaytirish, milliy mahsulotlar uchun yangi bozorlarga yo‘l ochish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Karantin zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurash tadbirlari xususida so‘z bordi.
Inspeksiya tomonidan yurtimizning fitosanitar holatini yaxshilash, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashish va qulayliklar yaratish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.
Ayni vaqtgacha 96 fumkamera tashkil etildi va ular sonini yaqin 2 yil ichida 200 taga yetkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu kungacha atigi bitta markaziy laboratoriya ishlagan bo‘lsa, endilikda har bir hududda laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda va xorijdan keltirilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlanmoqda. O‘zbekistonda ilk marotaba Xorazm, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida karantin laboratoriyalari tashkil etildi.
Bundan tashqari, ISUZU avtobusi bazasida 2 mobil (sayyor) laboratoriya tashkil etildi va yil oxirigacha ular sonini 10 taga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ham asosan eksportyorlar uchun xizmat qiladi, ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflanishining oldi olinadi.
Shuningdek, avval inspeksiya tizimida 2—3 ta tumanga faqat bitta inspektor xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda har bir tumanda kamida 2—4 ta va undan ortiq karantin inspektorlari ishlamoqda. Buning evaziga dala nazorati sezilarli darajada oshdi. Eksportyorlar uchun eng asosiy hujjat hisoblangan, xorijiy davlatlar tomonidan tan olingan fitosanitar sertifikatlarni dalaning o‘zida yozib berish imkoniyati yaratildi. Eksportyor korxona fitosanitar sertifikat olish uchun avvallari 15 kun oldin murojaat qilishi kerak bo‘lsa, bugungi kunda sertifikatlar bir kunda rasmiylashtirib berilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlar karantin xizmatlari bilan o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilinayapti. Chet el mamlakatlari, kompaniya va korporatsiyalar bilan tashqi savdo aloqalarini kengaytirish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilayapti.
Bir yil davomida 200 dan ortiq turdagi meva-sabzavot mahsulotlari eksporti uchun 17 xorijiy davlatning fitosanitariya ruxsatnomalari olindi. Birgina qovun eksporti bo‘yicha Yaponiya, Hindiston, Marokash kabi davlatlar bilan kelishuvga erishilgan bo‘lsa, joriy yilda yana AQSh, Buyuk Britaniya, Vetnam, Tailand, Indoneziya, Iordaniya singari mamlakatlar karantin xizmatlaridan eksport uchun ruxsat olinishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-martdagi “O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida“gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatda birinchi marta har bir tumanda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida “O‘simliklar klinikasi” tashkil etildi. Ayni vaqtda 180 tuman va shaharda 200 o‘simliklar klinikasi tashkil etildi. Joriy yilda ular sonini 400 taga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur klinikalar o‘simliklarga agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlov berish, o‘simliklar zararkunandalari, kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va aholini kimyoviy, biokimyoviy, biologik, mexanik vositalar bilan ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, rivojlangan davlatlarda bu turdagi xizmatlar allaqachon ommalashgan. Shu ma’noda mamlakatimizda ayni klinikalar to‘g‘risida aholini boxabar qilish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda zamonaviy texnik jihozlash, sohada kadrlar masalasidagi muammolar, xorijdan olib kirilayotgan mahsulotlarni nazorat qilish borasidagi amaliy ishlar xususidagi savollarga javob berildi.
Izoh (0)