O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2-iyul kuni e’lon qilingan qaror loyihasiga binoan “Uchta shahar” (“Xalq diplomatiyasi shahri”, “Etnoshahar”, “Kinoshahar”) majmuasi uchun Toshkent viloyati Fayzobod mahallasidan 116,5 gektar maydon ajratilishi ko‘rsatib o‘tildi. Bu haqda “Xalq so‘zi Online” xabar qiladi.
Ushbu loyiha bilan maxsus tashkil etilgan “Uzbekistan Film Holding” MChJ (muassislari “O‘zbekkino” agentligi, Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi va “Intellect Enterprise” kompaniyasi) shug‘ullanadi. Kompaniyaga yer uchastkasi 49 yil va ushbu muddatni uzaytirish imkoniyati bilan bepul beriladi.
Loyihada, shuningdek, kompaniyaga 2029-yil 31-dekabriga qadar soliq va bojxona imtiyozlari berilishi belgilangan.
Tegishli ravishda belgilangan uchastka hududidagi oilalar, korxonalar, muassasa va tashkilotlarni ko‘chirish, turar joylar, noturar binolar va inshootlarni buzish, shuningdek, zararni qoplash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish Toshkent viloyati hokimligi zimmasiga yuklatiladi.
Prezidentning 2018-yil 24-iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mazkur loyiha O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy qadriyatlarga ega dunyoviy davlat sifatidagi imijini xalqaro arenada ilgari surishga aniq yo‘naltirilgan milliy kinematografiyani rivojlantirish, shuningdek, turizmni ravnaq toptirish, investitsiyalarni jalb etishga qaratilgani belgilab berilgan.
Loyiha yaratilishi va amalga oshirilishi uch bosqichga bo‘lingan.
Birinchi bosqich – 2019-yil 1-sentabrigacha. 18 million AQSh dollari yo‘naltiriladi.
“Xalq diplomatiyasi shahri”: oltita madaniyat markazi, Prezidentlar alleyasi, Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi, sun’iy tog‘li va qator-qator sharsharali shoirlar bog‘i, ochiq osmon ostidagi muzey, “Sevishganlar bog‘i”, kafe va restoran.
“Etnoshahar”: Amir Temur saroyi xiyoboni, favvoralari va bog‘i bilan, oltita etnohovli, kafe va restoran, suvenir rastalari, eski ko‘chalar, minora, shahar darvozasi majmuasi.
“Kinoshahar”: suratga olish uchun pavilyon, kinomahalla, biznes-markaz, xiyobon hududi va boshqalar.
Ikkinchi bosqich: 2020-yilning 1-sentabrigacha. 82 million AQSh dollari yo‘naltiriladi.
“Xalq diplomatiyasi shahri”: to‘qqizta madaniyat markazi, ochiq konsert zali, ko‘rgazma majmuasi, kafe va restoranlar, mehmonxona, to‘rtta muzeyli muzey maydoni, kinematografiya markazi.
“Etnoshahar”: 13 ta etnosaroy, ikkita mehmonxona, 10 ta kafe va restoran, 20 ta suvenirlar rastasi, “Labi Hovuz” eski ko‘chalari majmuasi, ikkita etnomehmonxona, Ulug‘bek rasadxonasi, beshta o‘tov, ikkita minora, uchta shahar darvozasi va boshqalar.
“Kinoshahar”: mehmonxona, to‘rtta pavilon, biznes markazning ikkita bloki, kinomahalla (20 ta villa, 200 ta taunxaus, 75 xonali ko‘p kvartirali turarjoy), kinoakademiya, supermarket, xususiy maktab va bog‘cha, stadion, xiyobon va boshqalar.
Uchinchi bosqich: 2021-yil 1-sentabrgacha. 42 million AQSh dollari yo‘naltiriladi.
“Xalq diplomatiyasi shahri”: kafe va restoran, mehmonxona, sport obyektlari (futbol maydoni, kortlar va boshqalar).
“Etnoshahar”: ikkita mehmonxona, kafe va restoranlar, karvonsaroy.
“Kinoshahar”: kovorking markazi, kinomahalla (18 ta taunxaus, 77 xonali turarjoy), miniippodrom, ishlab chiqarish sexi.
Asosiy mablag‘ manbalari – davlat budjeti, “Etnomir” (Rossiya), WHITECO Harvest Investion (Kipr), Royal Holding Orbit Group LLC (BAA) kabi kompaniyalardan xorij investitsiyalari va boshqalardir.
Izoh (0)