O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasi Navoiy shahar jamiyatiga “Sputnik” qo‘rg‘oni Pushkin ko‘chasi 4/51-xonadonda istiqomat qiluvchi fuqaro Dilrabo Po‘latova yozma murojaat qilgan.
Fuqaro arizasida 2019-yil 25-iyun kuni yozning jazirama issiq kunlarida malham bo‘ladi deb yaxshi niyatda 2 650 000 so‘mga sotib olgan Artel konditsioneri usta tomonidan o‘rnatilayotgan vaqtda shikastlanib yaroqsiz holga kelib qolganidan noroziligini bildirgan.
Ushbu murojaat Federatsiyaning Navoiy shahar mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi. Natijada, iste’molchi haqiqatan ham haq ekanligi, konditsioner o‘rnatilish jarayonida shikastlangani va yaroqsiz holda ekanligi kuzatildi. Shundan so‘ng iste’molchiga yetkazilgan zarar usta tomonidan qoplanishiga va iste’molchining istagiga ko‘ra, yangisiga almashtirib berilishiga erishildi.
Shu yilning 26-iyun sanasida Federatsiyaning Navoiy viloyat hududiy birlashmasiga yana bir murojaat kelib tushdi. Karmana tumani “Bog‘i shamol” MFY da yashovchi fuqaro Umida Qudratova Navoiy shahrida joylashgan savdo do‘konidan 2 700 000 so‘mga sotib olgan gaz plitasi nosoz chiqqanidan noroziligini bildirgan.
Federatsiyaning Navoiy shahar mutaxassislari vaziyatni zudlik bilan o‘rganib chiqdi va iste’molchi haq ekanligi o‘z isbotini topdi. Shundan keyin iste’molchiga uning talabiga ko‘ra, gaz plitasi uchun to‘lagan 2 700 000 so‘m pul mablag‘i qaytarilishiga erishildi.
Izoh (0)