Yiliga ikki marta hosil olinsa-da, uncha ko‘zga tashlanmaydigan bu shifobaxsh mevani oilaviy biznesning mo‘jizasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida ham Farg‘ona tumanida malina yetishtirish allaqachon ommalashib ketgan. Zero, Vodil malinasi bugungi kunda ma’lum va mashhurdir, deb yozadi O‘zA.
Bu shifobaxsh o‘simlik oilaviy biznesni rivojlantirish bilan birga oila a’zolarini doimiy ish bilan ta’minlash, mo‘may daromad hisobiga turmush farovonligini keskin oshirish imkonini berishi shubhasiz. Shu bois Farg‘ona tumanida “Malinachilik” tomorqa mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.
Shu bois O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining farg‘onalik vakillari Ukrainada Vinnitsa fermerlar assotsiatsiyasi rahbari Belous Tatyana, “FruiTtch”, “Deko plant” korxonasi rahbarlari bilan uchrashdi.
“FruiTtch” korxonasi malina va uning ko‘chatini tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Ayni vaqtda ular 14 gektarda malina ko‘chatini kaseta usulida ko‘paytirib, O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri keladigan “djoan djey”, “glen di”, “oktaviya remantatniy” kabi navlarni yetishtirish agrotexnikasini yurtimiz vakillariga ko‘rsatib berdi.
“Jitomir shahridagi malinachilik klasterida bo‘lib, 22 gektarda parvarishlanayotgan ikki yillik malina ko‘chatlarini ko‘rdik. Ular har gektar malinadan o‘rtacha 12—14 tonna hosil olar ekan. Mevalari ham yirik-yirik. Bu yerda malina qo‘lda terilib, eng avvalo +5 darajada muzlatgichda sovutilib, keyin -15 darajada 3-4 kun muzlatilib, qadoqlanar ekan. Biz ana shu tajribani Farg‘onada ham qo‘llab, eksport uchun hosil yetishtirmoqchimiz” , — deydi Farg‘ona viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Zokirjon Ikromov.
Mamlakat vakillari Vinnitsa shahridagi “Rekort Agro” korxonasining kartoshka navlarini ko‘paytirish va sotish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi. Syngenta korxonasidan esa kungaboqar, makkajo‘xori, bug‘doy navlarini ko‘paytirish va yurtimiz iqlimga mos keladigan navlar to‘g‘risida ma’lumotlar oldi.
Uchrashuvlar yakunida malina yetishtirish va uning eksporti masalasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Izoh (0)