Ivuarlik yarim himoyachi Yaya Ture Xitoyning “Sindao Haynyu” klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda klubning Instagram’dagi rasmiy sahifasida xabar berildi.
Mazkur klub mamlakatning ikkinchi divizionida to‘p suradi.
Avvalroq Ture “Tambov” klubiga o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Ushbu klub kelasi mavsumdan Rossiya Premyer ligasida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.
O‘tgan yilning dekabrida Ture “Olimpiakos” bilan shartnomasini muddatidan avval bekor qilgandi. Shundan so‘ng futbolchi hech qaysi klub bilan kelishuvga erisha olmagan.
Ma’lumot uchun, u faoliyati davomida “ASEK Mimozas”, “Beveren”, Donetskning “Metallurg” klubi, “Monako”, “Barselona” hamda “Manchester Siti” jamoalarida to‘p surgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ture Kot-d’Ivuar terma jamoasida umumiy hisobda 102 ta uchrashuvda maydonga tushib, 19 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)