Rossiyaning “Fosagro” xoldingi O‘zbekiston energetika vaziri Alisher Sultonov bilan o‘g‘itlar yetkazib berish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish haqida kelishib oldi. Bu haqda Sputnik xabar qiladi.
2-iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda PAO “Fosagro”ning marketing va savdo bo‘yicha direktori Sergey Pronin, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda “O‘zkimyosanoat” AJ raisi Odil Temirovlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda “Fosagro” tomonidan O‘zbekistonga o‘g‘itlar yetkazib berishning uzoq muddatli istiqbollari hamda ushbu sohada yaqin munosabatlar o‘rnatish masalalari muhokama qilindi. Rossiyalik ishlab chiqaruvchi ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Muhokama davomida, tomonlar shuningdek, O‘zbekistonda kelajakda murakkab o‘g‘itlarni ishlab chiqarish masalalarini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, dunyoda eng yirik fosforli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan, “Fosagro” guruhi tarkibiga Cherepovets shahrida joylashgan “Apatit” korxonasi va uning Kirovsk va Balakov shaharlaridagi sho‘ba korxonalari, Volxov shahridagi “Metaxim” korxonasi va boshqa zavodlar kiradi.
Izoh (0)