Toshkent hokimligi Nargiza Shomuratovaning uy-joy masalasini yechishga qaror qildi. Prezident nomidan 1 yil oldin taqdim etilgan uyni Yunusobod tuman hokimligi qaytarib oldi. Bu haqda “Novosti Uzbekistana” xabar berdi.
29-iyun kuni Xotin-qizlar qo‘mitasi shahar bo‘limi raisi, Xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Dilbar Najmiddinova shahar hokimligidagi matbuot anjumanida Nargiza Shamuratovaning uy-joy muammosini bir kun oldin hal qilinganini aytdi.
“Bir yil muqaddam unga berilgan boshpana vaqtinchalik uy-joy sifatida taqdim etilgan edi, chunki u bolalari bilan parkda yashab yurar edi. Endi unga rasmiy ravishda yangi binodan xonadon berildi”, — deydi Dilbar Najmiddinova.Shu bilan birga, o‘tgan yili hokimlik tomonidan qizil tasmali kalitlar bilan berilgan turar joyning “vaqtinchalikligi” haqida hech narsa aytilmagan. Yunusobod sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov va uning o‘rinbosari Nargiza Mirbabayeva ham bu haqda aytmagan. Endi esa ular Nargizaga bu Prezidentning sovg‘asi ekanini aytmoqda.
Nargizaning aytishicha, 28-iyun kuni tuman hokimi Rahmonbek Usmonov ayolning oldiga kelib, unga yangi xonadon sovg‘a qilingani, shuning uchun hozirgi uyni topshirishi lozimligini aytgan. Unga Yunusobod 7-dahasidagi turar joy o‘rniga ushbu tumanning 13-dahasidan yangi qurilgan xonadonlardan birining kaliti va sertifikati berildi.
Izoh (0)