Yaponiyada o‘tayotgan G20 sammitida nutq so‘zlagan Donald Tramp Huawei’ni “qora ro‘yxat”dan chiqarish masalasini AQSh savdo vaziri bilan muhokama qilayotganini bildirdi.

Foto: Bloomberg

Agarda milliy xavfsizlik uchun katta muammo bo‘lmaydigan bo‘lsa, Amerika kompaniyalariga Xitoyning Huawei kompaniyasi qurilmalarini sotishiga ruxsat beriladi, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp.

“AQSh kompaniyalari Huawei qurilmalarini sotishi mumkin. Men milliy xavfsizlik uchun katta muammo bo‘lmaydigan qurilmalar haqida gapiryapman. Ularning sotilishiga ruxsat beramiz”, — dedi Tramp.

16-may kuni AQSh savdo vazirligi Xitoyning Huawei kompaniyasi va uning 70 ta filialini qora ro‘yxatga kiritdi. Keyinroq Google, Intel, Qualcomm, Xilinx va Broadcom kompaniyalari Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Britaniyaning ARM korporatsiyasi ham ular safiga qo‘shildi.