Malayziyaning Petaling-Jaya shahrida koma holatida bo‘lgan ayol farzandli bo‘ldi, deb xabar bermoqda The Star.

Foto: The Star

Ma’lum bo‘lishicha, 2018-yilda 36 yoshli Kamariya Arve bosh aylanishi va ko‘z xiralashishidan shikoyat qilgan. Unga bosh miya o‘smasi tashxisi qo‘yilgan va operatsiya o‘tkazilgan. Shunga qaramay, u dekabr oyida komaga tushib qolgan. O‘sha paytlarda ayol allaqachon homilador bo‘lgan.

Ona behush holda yotsa ham, bola rivojlanishda davom etgan. Homiladorlikning 33-haftasida bola kesarcha kesish yo‘li bilan tug‘dirib olingan. Chaqaloq qiz bo‘lib, u sog‘lom tug‘ilgan va Fara Xanis Fayrol Xaziri deb ism qo‘yilgan.

Uning otasiga bemor ayoli va yangi tug‘ilgan qiziga o‘zini butunlay bag‘ishlashga to‘g‘ri kelgan. “Rafiqamni yana hushiga kelganini ko‘rishni xohlayman. Qizim boshqa bolalar kabi sog‘lom tug‘ilganidan minnatdorman”, — deydi u.