25-iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida Hindistonning urug‘chilik sohasidagi yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lmish Kalash Seeds kompaniyasi vakillari — Akshay Dashput, Devi Takun, Nankumar Kunx bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib “Gazeta.uz” xabar qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning istiqbollari, kelajakdagi rejalar va amalga oshirilgan ishlar haqida suhbatlashdi. Xususan, O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb qilish va urug‘chilik klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha amaliy takliflar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Kalash Seeds Pvt. Ltd ilmiy-tadqiqot korxonasi bo‘lib, 35 yildan ortiq vaqt mobaynida urug‘chilik sohasida ilmiy izlanishlar bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, kompaniya sabzavotlar urug‘larini ishlab chiqaruvchi Hindistondagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, qalampir, baqlajon, tarvuz, piyoz, pomidor, oshqovoq kabi qishloq xo‘jaligi ekanlarini ham yetishtirib keladi. Korxona Di Haploid lab kabi tadqiqot markazlari, marker texnologiyalari bo‘yicha hamda molekulyar biologiya laboratoriyalariga, shuningdek ISTA laboratoriyaga ega.
Vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng mehmonlar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yer maydon uchastkalarini ko‘zdan kechirish maqsadida Andijon viloyatiga jo‘nab ketdi.
Izoh (0)