Cybereason kompaniyasining mutaxassislari birdagina bir necha mobil aloqa operatorlarining mijozlariga tegishli shaxsiy ma’lumotlar xakerlar tomonidan qo‘lga kiritilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “Zakon.kz”.

Foto: Pixabay

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, kiberjinoyatchilar so‘nggi yetti yil ichida aloqa operatorlarining xavfsizlik tizimini kamida 10 marotaba buzishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, hozirda ham xakerlar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Mutaxassislar hujumga uchragan aloqa operatorlari nomini oshkor qilmadi, biroq ular yirik kompaniyalar ekanligini ta’kidlab o‘tgan.

Xakerlar operatorlarning ma’lumotlar bazasini shunchaki buzibgina qolmasdan, ularga tegishli serverlarning birida aloqa operatorining ishini to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan o‘z VPN’nini yaratgan. Ular qo‘ng‘iroq qilingan vaqt yoki SMS yuborilgan odam, telefon egasi kim bilan muloqot qilgani va uning joylashgan joyi kabi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlab million abonent xavf ostida qolgan, biroq mutaxassislarning qayd etishicha, xakerlarni faqatgina yigirma nafar ma’lum shaxs qiziqtirgan. Ular Yevropa, Osiyo, Afrika, Yaqin Sharqda yashovchi insonlar ekanligi aytilmoqda.

Kompaniyaning taxminicha, xakerlarni davlat qo‘llab-quvvatlamoqda, sodir bo‘layotgan voqealar ortida xitoylik dasturchilar turgan bo‘lishi mumkin.