Har yili 26-iyun kuni an’anaviy tarzda respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olingan giyohvandlik vositalarini yo‘q qilish tadbiri o‘tkazilib kelinmoqda. Bugun ana shu tadbirning navbatdagisida, jami 1 tonna 27 kilogramm 911 gramm giyohvandlik vositalari yoqib yuborildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Shu jumladan 7 kilogramm 757 gramm geroin, 195 kilogramm 415 gramm opiy, 56 kilogramm 140 gramm gashish, 557 kilogramm 398 gramm marixuana, 130 kilogramm 18 gramm ko‘knor, 80 kilogramm 920 gramm kannabis, 263 gramm sintetik narkotik vositalari hamda turli xildagi psixotrop va psixofaol moddalar yoqish yo‘li bilan yo‘q qilindi.
Ushbu muammoni hal qilish, bugungi kunda butun jahon hamjamiyati uchun muhimdir. Birlashgan millatlar tashkiloti sivilizatsiyaning asosiy tahdidlari — yadro urushi va ekologik falokat qatoriga giyohvandlikni rasman qo‘shgani tasodif emas. Giyohvand moddalar va ularning iste’moli oqibatlari turli jabhalardagi milliy manfaatlarni ro‘yobga chiqarishga ta’sir qiladi. Demografik va ijtimoiy xavfsizlikka zarar yetkazadi, natijada bu kasallik tanazzulga olib keladi.
Boshqa mamlakatlar qatorida O‘zbekistonda ham narkotik va psixotrop vositalardan noqonuniy foydalanish va ular bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Bu huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Har kuni Ichki ishlar organlari xodimlari tashqari Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya vakillari ham bunday qonun buzilishi holatlariga chek qo‘ymoqda.
Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi va uning joylardagi xodimlari, respublika hududida turli tezkor-qidiruv, profilaktik, targ‘ibot va tashviqot tadbirlarini doimiy ravishda olib bormoqda.
Targ‘ibot va tashviqot tadbirlari doirasida asosan yoshlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, respublikaning barcha oliy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablarida 976 mingdan ziyod talaba va o‘quvchilar ishtirok etgan “Biz giyohvandlikka qarshimiz” mavzusida davra suhbatlari o‘tkazildi. Bunday uchrashuvlar 2153 ta korxona, muassasa va tashkilotlarda tashkil etilgan bo‘lib, ularda xodimlarning aksariyati yoshlarni tashkil etdi.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, shu yilning 5 oyi mobaynida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 1474 ta, xususan, narkotik moddalarni mamlakat hududiga noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq 58 ta, tarkibida narkotik moddalari bor o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq 336 ta, narkotik moddalarni olib o‘tish bilan bog‘liq 538 ta, narkotik moddalarni saqlash bilan bog‘liq 531 ta jinoiy holatlar aniqlangan.
Bunda 258 kilogramm 516 gramm miqdoridagi turli xil giyohvandlik vositalari olindi, shu jumladan, geroin 6 kilogramm 485 gramni, opiy 87 kilogramm 710 gramni, gashish 12 kilogram 998 gramni, marixuana 105 kilogram 226 gramni, ko‘knori 34 kilogram 767 gramni, tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan dori-darmonlar 10 kilogramm 578 gramni va psixotrop moddalar 751 gramni tashkil qiladi.
Ayni vaqtda IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari “Narkotik moddalarning suiste’moli va noqonuniy aylanishiga qarshi kurash bo‘yicha 2016—2020-yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar rejasi” ijrosini ta’minlash bo‘yicha ikki bosqichli “Qoradori-2019” keng qamrovli tadbirini (birinchi bosqich – 1-maydan 30-iyungacha, ikkinchi bosqich – 1-avgustdan 30-sentabrgacha) o‘tkazmoqda. Birinchi bosqichda shu kungacha 800 dan ortiq giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Xususan, mamlakat hududiga narkotik moddalarni noqonuniy olib kirishga urinayotgan 15 nafar, sotishda 177 nafar, saqlashda 200 nafar va tarkibida giyohvand moddalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirayotgan 404 nafar shaxs qo‘lga olindi. Bunda 124 kilogramdan ortiq giyohvandlik vositalari olindi. Shuningdek, xodimlar tomonidan respublika hududlari bo‘yicha vertolyot yordamida nazoratli uchishlar amalga oshirilib, 200 dan ortiq holatda 1789 kvadrat metr maydonda tarkibida narkotik moddalari bor o‘simliklar yetishtirilayotgani aniqlanib, yo‘q qilindi.
2019-yilning 22-may kuni “Qoradori-2019” tadbiri davomida Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida 20 yoshli Sh.Ye. va 19 yoshli N.U.lar Ibn Sino mahallasi hududida 6 kilogramm 166,4 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasini o‘zlari bilan olib ketayotgan vaqtlarida qo‘lga olindilar. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
2019-yilning 5-iyun kuni Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tadbir davomida qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘l bilan Lada rusumli avtomashina benzobaki ichida 1 kilogramm 855,9 gramm opiyni olib o‘tib, Samarqand shahri markazida 20 000 dollarga sotayotgan vaqtlarida D.Q. va U.I.lar qo‘lga olindilar. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
7-iyun kuni Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda Asaka shahri “Baraka” mahallasida yashovchi 39 yoshli Sh.J. uyi omborxonasida 1 kilogramm 468 gramm “marixuna” giyohvandlik vositasini saqlayotganligi aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)