2019-yil 25-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Gana Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Sayuti Yahaya Iddini qabul qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi o‘z rasmiy saytida ma'lum qiladi.
Abdulaziz Komilov qarorgohi Tehron shahrida joylashgan Gana elchisini O‘zbekistonga tayinlanganligi bilan tabrikladi. Ishonch yorliqlarini qabul qila turib, unga samarali faoliyat ko‘rsatishini tiladi.
Suhbat chog‘ida ikki va ko‘p tomonlama shakllardagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
2018-yil dekabr oyida BMT Bosh assambleyasining maxsus “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qilish doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik mamnuniyat bilan e’tirof etildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan hujjatni Gana nafaqat qo‘llab-quvvatladi, balki unga hammualliflik qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Gana aloqalarini faollashtirish va xalqaro tashkilotlar, avvalo BMT doirasida hamkorlik qilish amaliyotini davom ettirishga qiziqishning mavjudligi tasdiqlandi.
Izoh (0)