Joriy yilning besh oyi mobaynida Navoiy shahrida faoliyat olib borayotgan issiqxonalarning tabiiy gazdan qarzdorligi 1,5 milliard so‘mni tashkil qilib, ularning barchasiga belgilangan tartibda qarzdorlikni bartaraf qilish to‘g‘risida talabnomalar berilgan. Bu haqda MIB “Daryo”ga xabar berdi.
Qarzdorlikni belgilangan besh kunlik muddatda bartaraf qilmasdan foydalanib kelayotgan uchta issiqxonalarga nisbatan tabiiy gaz tarmog‘idan uzish dalolatnomalari rasmiylashtirilgan va issiqxonalar tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilgan. Tarmoqdan uzilgan bo‘lishlariga qaramasdan o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulanib olishlari natijasida ularga nisbatan Byuroning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.E’tiborlisi shundaki, mazkur issiqxonalarning bittasiga nisbatan mart oyida ma’muriy bayonnoma tuzilgan bo‘lsa-da, oradan sakkiz kun o‘tib tabiiy gaz tarmog‘iga yana o‘zboshimchalik bilan ulanib foydalanganligi uchun ikkinchi marta ma’muriy bayonnoma tuzilgan.Natijada ta’minotchi korxona manfaatlariga jami 8 million 547 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Bundan kelib chiqadiki, issiqxonalar faoliyatiga mas’ul bo‘lgan shaxslarning belgilangan tartib-qoidalarga ham, energiya resurslariga ham yuzaki munosabatda ekanliklari namoyon bo‘lmoqda.Bu borada iste’molchilarning iste’mol madaniyatiga amal qilish, huquqiy madaniyatini oshirish hamda to‘lov intizomiga rioya etish yuzasidan profilaktitka va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.