Fuqaro aviatsiyasi o‘tgan asrning 20-yillarida boshlanib, tadrijiy tarzda sanoat va boshqa ko‘pgina sohalar bilan hamohang rivojlanib kelaverdi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin fuqaro aviatsiyasi jadallik bilan rivojlandi. Dunyoning eng qoloq mamlakatlari ham o‘z fuqaro aviatsiyalarini shakllantirdi. Odamlar ko‘proq ucha boshladi.
XXI asrga o‘tib Yer yuzi bo‘ylab parvozlar soni keskin oshib ketdi. Bugungi kunda osmonda bir vaqtda o‘rtacha 7 500–8 000 samolyot uchayotgan bo‘lar ekan.
Bu borada mutlaq rekord 2018-yilning 29-iyunida qayd etilgan. O‘sha kuni osmonda bir vaqtning o‘zida 19 000 dan oshiq samolyot harakatlanayotgan bo‘lgan.
Qizig‘i, bir sutkada eng ko‘p parvoz ham o‘sha kuni qayd etilgan: sutka davomida 202 157 ta parvoz amalga oshirilgan.
Quyida dunyoning eng ko‘p yo‘lovchi o‘tkazadigan aeroportlari haqida ma’lumot keltiriladi. Ma’lumotlar 2017-yilga tegishli bo‘lib, o‘tgan yili e’lon qilingan. 2018-yilda bu ro‘yxatda katta o‘zgarishlar bo‘lmagan.
1. “Xartsfild-Jekson” xalqaro aeroporti (ATL), Atlanta, AQSh
2017-yilda o‘tgan yo‘lovchilar soni: 103 902 992
Uchish-qo‘nish yo‘laklari: beshta
“Xartsfild-Jekson” aeroporti Shimoliy, Janubiy va Markaziy Amerika, Yevropa, Osiyo, Afrika bo‘ylab ko‘plab xalqaro qatnovlarga ega.
Aeroport Delta Airlines, AirTran Airways, Shuttle America, Delta Connection, shuningdek, Delta Connection Atlantic Southeast Airlines aviakompaniyalarining asosiy tayanch nuqtasi hisoblanadi.
2. “Shoudu” xalqaro aeroporti (PEK), Pekin, Xitoy
2017-yilda o‘tgan jami yo‘lovchilar soni: 95 786 296
Uchish-qo‘nish yo‘lakchasi: uchta
Aeroport yo‘lovchi o‘tkazish bo‘yicha jahonda 2-o‘rinda, Osiyoda va Xitoyda 1-o‘rinda turadi. Pekindan 20 kilometr shimoli-sharqda joylashgan.
“Shoudu” aeroporti Air China aviakompaniyasining asosiy tayanch nuqtasi hisoblanadi. Bu aeroportdan Air China aviakompaniyasi dunyoning 120 shahriga xalqaro parvozlarni amalga oshiradi.
Shuningdek, u Hainan Airlines va China Southern Airlines aviakompaniyalarining ham tayanch nuqtasi hisoblanadi.
3. “Dubay” xalqaro aeroporti (DBX), Dubay, BAA
2017-yilda o‘tgan jami yo‘lovchilar soni: 88 242 099
Uchish-qo‘nish yo‘lagi: ikkita
“Dubay” xalqaro aeroporti Birlashgan Arab Amirliklarining eng yirik aeroporti hisoblanadi. U Dubaydan 4 kilometr janubi-sharqda, al-Garxud tumanida joylashgan.
“Dubay” xalqaro aeroporti qurilishiga 5,5 milliard dollar sarflangan.
4. “Tokio” xalqaro aeroporti (“Xaneda”) (HND), Tokio, Yaponiya
2017-yilda o‘tgan jami yo‘lovchilar soni: 84 956 964
Uchish-qo‘nish yo‘lagi: to‘rtta
“Tokio” aeroporti Katta Tokioga xizmat ko‘rsatadigan ikkita yirik aeroportdan biri hisoblanadi. Uning yana bir nomi – “Xaneda”.
“Xaneda” asosan ichki qanovlarga xizmat ko‘rsatadi.
Tokioning ikkinchi aeroporti – “Narita” aeroporti asosan xalqaro qatnovlarga xizmat ko‘rsatadi.
5. “Los-Anjeles” xalqaro aeroporti (LAX), Los-Anjeles, AQSh
2017-yilda o‘tgan jami yo‘lovchilar soni: 84 557 968
Uchish-qo‘nish yo‘lakchasi: to‘rtta
“Los-Anjeles” aeroporti Kaliforniya shtati va Los-Anjeles shahrining asosiy aeroporti hisoblanadi. Aeroport Los-Anjeles markazidan 16 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Ushbu aeroportda yo‘lovchilarga to‘qqizta terminal xizmat ko‘rsatadi. Ushbu aeroportdan dunyoning beshta qit’asidagi ko‘plab shaharlarga xalqaro qatnovlar bor.
6. “O’Xara” xalqaro aeroporti (ORD), Chikago, AQSh
2017-yilda o‘tgan jami yo‘lovchilar soni: 79 828 183
Uchish-qo‘nish yo‘lagi: sakkizta
“O’Xara” aeroporti Chikago shahridan shimoli-g‘arb yo‘nalishida, 27 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ushbu aeroport United Airlines aviakompaniyasining asosiy tayanch nuqtasi hisoblanadi. Aviakompaniyaning bosh qarorgohi ham Chikagoda joylashgan.
Shuningdek, aeroport American Airlines aviakompaniyasining Dallas shahridagi “Fort-Uert” aeroportida joylashgan asosiy tayanch nuqtasidan keyingi ikkinchi tayanch nuqtasi hisoblanadi.
7. “Xitrou” xalqaro aeroporti (LHR), London, Buyuk Britaniya
2017-yilda o‘tgan jami yo‘lovchilar soni: 78 012 825
Uchish-qo‘nish yo‘lakchasi: ikkita
“Xitrou” aeroporti Buyuk Britaniya poytaxti London shahrining asosiy xalqaro aeroporti hisoblanadi. Aeroport yo‘lovchi o‘tkazish bo‘yicha Yevropada 1-o‘rinda turadi. U Londondan 24 kilometr g‘arb tomonda joylashgan.
Yo‘lovchilarga umumiy beshta terminal xizmat ko‘rsatadi.
8. “Gonkong” xalqaro aeroporti (HKG), Gonkong, Xitoy
2017-yilda jami o‘tgan yo‘lovchilar soni: 72 867 000
Uchish-qo‘nish yo‘lagi: ikkita
“Gonkong” xalqaro aeroporti Gonkong ma’muriy birligining asosiy aeroporti hisoblanadi. Aeroport 1998-yilda ochilgan. Ungacha Gonkongga “Kai Tak” xalqaro aeroporti xizmat ko‘rsatgan.
“Gonkong” aeroporti ochilganiga uncha ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa ham katta yutuqlarga erishgan va bir necha marta “dunyoning eng zo‘r aeroporti” deb topilgan.
9. “Pudun” xalqaro aeroporti (PVG), Shanxay, Xitoy
2017-yilda jami o‘tgan yo‘lovchilar soni: 70 001 237
Uchish-qo‘nish yo‘lagi: beshta
Ushbu aeroport Shanxay shahrining sharqiy qismida, Pudun tumanida joylashgan. Aeroportda ikkita terminal bor.
10. “Sharl de Goll” xalqaro aeroporti (CDG), Parij, Fransiya
2017-yilda jami o‘tkazgan yo‘lovchilari soni: 69 471 442
Uchish-qo‘nish yo‘lagi: to‘rtta.
“Sharl de Goll” aeroporti Parijdan shimoli-sharqda 25 kilometr uzoqlikda joylashgan. U Beshinchi respublikaning birinchi prezidenti, harbiy-siyosiy arbob Sharl de Goll sharafiga nomlangan.
* * *
Shuningdek, Amsterdamdagi “Sxipxol”, Dallasdagi “Fort-Uert”, Jakartadagi “Sukarno Xatta” xalqaro aeroportlari, Frankfurt xalqaro aeroporti, Guanjou shahridagi “Bayyun” xalqaro aeroporti, Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroport, yaqinda Istanbulda yangi aeroport qurilgani munosabati tufayli endilikda fuqaro aviatsiyasi uchun yopib qo‘yilgan “Otaturk” xalqaro aeroportlari yo‘lovchi o‘tkazish bo‘yicha dunyoning yirik aeroportlari hisoblanadi.
Bu ro‘yxatda MDH hududidagi eng yirik shahar, Moskva shahrida joylashgan bironta aeroport kirmagan. Buning sababi, Moskva shahrida bir emas, to‘rtta aeroport yo‘lovchilarga xizmat qiladi. Shu tufayli ham ularning birontasi eng ko‘p yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan aeroportlar ro‘yxatining yuqoriroq qismida yo‘q.
Izoh (0)