Xalq ta’limi vazirligi Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Nizom loyihasini ishlab chiqdi va umumxalq muhokamasiga qo‘ydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi xabar beradi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” 2019-yil 29-maydagi PQ-4342-son qarori bilan Respublika ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari tashkil etilmoqda.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari) tashkil etilmoqda.
“Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi mazkur qarorning ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Nizomda o‘quv-tarbiya muassasasining asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanishi belgilanmoqda:
-barkamol, jismoniy va ruhiy sog‘lom shaxsni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik, vatanparvarlik, mas’uliyatlilik, fidoiylik, dunyoqarashi keng mustaqil va komil inson bo‘lishga intilish tuyg‘usini shakllantirish;
-bolalarning yoshiga xos bo‘lgan psixofiziologik moyilliklari, qobiliyatlari, qiziqishlariga, bolalar hayoti va sog‘lig‘ini saqlash talablariga muvofiq tarzda ularning aqliy, emotsional va jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi psixologik, tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiyasini ta’minlovchi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
-bolalarning davlat ta’lim standartlari asosida majburiy umumiy o‘rta ta’lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
-tarbiyalanuvchilar duch keladigan muammolarni muhokama qilish, ularning yechimini topish va tarbiyalanuvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “case-study”, guruhlarda ishlash, bahs-munozaralar, situatsion o‘yinlar, aqliy hujum kabi ilg‘or interaktiv o‘qitish usullarini o‘quv-tarbiya jarayoniga keng joriy etish;
-tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularni kasbga yo‘naltirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish.
Shuningdek, nizomga asosan o‘quv-tarbiya muassasasi faoliyatini tashkil etish hamda o‘quvchilarni qabul qilish va chiqarish tartibi, o‘quv-tarbiya jarayoni qatnashchilari, ixtisoslashtirilgan muassasalarni boshqarish tartiblarini tasdiqlash rejalashtirilgan.
Izoh (0)