Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yaxshilash hamda tibbiy madaniyatni oshirish maqsadida Andijon Davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari Marhamat tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli “Yuvvosh” MFYda joylashgan qishloq oilaviy poliklinikasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.
Ikki kun davom etgan tadbirda pediatr, akusher-ginekolog, terapevt, jarroh, onkolog, kardiolog, nevropatolog, okulist, dermatovenerolog, endokrinolog, lor, travmatolog mutaxassislaridan iborat jami 22 nafar malakali mutaxassislar qatnashdi. Unda 845 nafar aholi ko‘rikdan o‘tkazilib, 59 nafarida surunkali xastaliklar aniqlandi va ularga kerakli maslahatlar aytildi. Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 12 nafar fuqarolarning yashash joylariga borilib, holidan xabar olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 18-dekabrdagi “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha aholiga sog‘lom turmush tarzi, turli surunkali va yuqumli kasalliklar, ularning oldini olish bo‘yicha zarur tavsiyalar ham berildi. Bundan tashqari, tumanda yozgi amaliyotlarini o‘tkazayotgan talabalar tomonidan xonadonlarda aholi tibbiy madaniyatini oshirish yuzasidan targ‘ibot ishlari ham olib borilmoqda.
Izoh (0)