Uzbekistan airways mutasaddilari bugun, 20-iyun kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Andijon” aeroportlaridagi holat yuzasidan izoh berdi.

Foto: “Daryo”

Kompaniyaning Quruqlikdagi inshootlar ekspluatatsiyasi va aeroportlarni boshqarish departamenti direktori Anton Xodjayanga ko‘ra, “Andijon” aeroporti o‘tgan yil oktabridan beri ishlamayapti, biroq yopilgan emas. U shoshilinch va ko‘zda tutilmagan vaziyatlar, harbiy va maxsus reyslar uchun foydalaniladi.

“Aeroportning holati bugungi kun talablari, jumladan, G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlar qo‘nishiga yaroqli emas. Bu biz mahalliy reyslarni bajaradigan A-320 samolyotlariga tegishli. Bu yerda yangi terminal, uchish-qo‘nish maydoni, umuman, barcha infrastrukturani qurish kerak”, — dedi Xodjayan.

“Termiz” aeroportida ham shunday ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu aeroportning geografik joylashuvini hisobga olib, qurilishlarni avval bu yerda amalga oshirish, so‘ng Andijonga o‘tishga qaror qilingan.