30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan Janubi-G‘arbiy maxsus harbiy okrugi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyat Kengashi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida Ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmagan yoshlar uchun Nishon tumanidagi harbiy qismlardan biriga 3 kunlik harbiy-sport sog‘lomlashtirish kunlari tashkil etildi, bu haqda Mudofaa vazirligi “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tadbir ishtirokchilari 3 kun davomida askarlarning harbiy hayoti bilan yaqindan tanishdi, jangovar va taktik mashg‘ulotlarini bevosita kuzatib, harbiy qurol-aslahalarning kelib chiqish tarixi, ularning turlari va foydalanish usullari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi. Aqliy hamda jismoniy salohiyat talab etadigan harbiylik kasbining naqadar sharafli ekanligini his etdi.
“Vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlashda jonbozlik ko‘rsatib, yuksak natijalarga erishgan harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv hamda psixolog maslahatlar menda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda xatolarim ustida ishlashni o‘rgandim. Ayniqsa, ota-onamning o‘rni juda bilindi”, — deydi mayda o‘g‘rilik bilan vaqtincha hisobga tushib qolgan A.D.
Ushbu “Harbiy-sog‘lomlashtirish kunlari” ijobiy natijalarni beraversa, har yili tashkil etish rejalashtirilgan.
Izoh (0)