Xotin-qizlar qo‘mitasiga shikoyat qilib kelgan ayollarning Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan hibsga olinganligi to‘g‘risidagi xabar yuzasidan Milliy gvardiya matbuot xizmati bayonot berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Ma’lum qilinishicha, 20-may kuni soat taxminan 08:45 larda fuqarolar G. T., M. X., M. A., G. K., X. E. Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, Xotin-qizlar Qo‘mitasi binosi qarshisida Prezident harakatlanishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘nalishda to‘planib, davlat rahbarining mazkur yo‘nalishdan harakatlanishini bilgan holda maxsus yo‘nalishda harakatlanayotgan kortej yo‘liga chiqib murojaat qilmoqchi bo‘lgan.

Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari ularga mazkur yo‘nalish bo‘ylab to‘planib turish va davlat rahbariga bunday tarzda murojaat qilish mumkin emasligini, o‘zlarini qiziqtirayotgan savollari bilan tegishli tartibda murojaat qilish lozimligini tushuntirib, maxsus yo‘nalishdan chetroqda turish kerakligini aytishganida, ular Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini haqorat qilib, shovqin-suron ko‘tarishib, qonun doirasidagi talablarni bajarishdan bosh tortishgan. Qarshilik ko‘rsatganlariga qaramasdan maxsus yo‘nalish uchun javobgar bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari belgilangan tartibni ta’minlagan.

Yuqorida nomlari zikr etilgan fuqarolarning noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha surishtiruvni Ichki ishlar vazirligining mas’ul xodimlari o‘tkazgan. O‘zlarini “jabrlanuvchi” qilib ko‘rsatayotgan fuqarolarga nisbatan Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv materiallari asosida Sud organi qonuniy baho berib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilagan.

Ta’kidlanishicha, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari sudlarga berilgan vakolatlarga ega emas.

“Mamlakatimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilayotgan, jamoat tartibini saqlashga mas’ul harbiy xizmatchi va xodimlarning xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida bergan ko‘rsatmalarini to‘g‘ri qabul qilishingizni so‘rab qolamiz.

Agarda uchinchi shaxslar tomonidan Sizning huquqlaringiz poymol etilgan bo‘lsa yoki biror bir shikoyat-arzingiz davlat tashkilotlari tomonidan qonuniy hal qilinmayotgan bo‘lsa, Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari eshiklari Siz uchun doimo ochiqdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videoyozuvlar hamda postlarda aks etayotgan asossiz ma’lumotlarga ishonib, davlat tashkilotlari va fuqarolarning qonuniy manfaatlariga putur yetkazuvchi, majburan yuzaga kelayotgan xatti-harakatlaringiz esa ma’lum bir ko‘rinishdagi javobgarlikka olib keladi”, – deyiladi bayonotda.

Avvalroq O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘mitaga shikoyat qilib kelgan ayollarning hibsga olinganligi yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha rasmiy bayonot bergan edi.