Toshkent Janubiy temir yo‘l vokzalida 51 o‘rinli 1 ta Mersedes-benz Toursimo, 30 o‘rinlik 2 ta Isuzu HD 50 avtobusi, 11 o‘rinlik 3 ta Hyundai H-1 mikroavtobusi, 7 o‘rinlik 1 ta Mitsubishi Pajero yo‘ltanlamas avtotransport vositasining taqdimoti o‘tkazildi.

Foto: O‘zА

— Endilikda Toshkent shahriga sayohatga keladigan yo‘lovchilar hamda turizm yo‘nalishidagi firmalarning oldindan berilgan buyurtmalari asosida zamonaviy avtotransport vositalari tayyor qilib qo‘yiladi, — deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tarif bo‘limi bosh mutaxassisi Shahnoza Aliyeva. — Mehmonlar ushbu transport vositalarida nafaqat Toshkent shahri, balki viloyatning so‘lim go‘shalariga ham sayohat qilishlari mumkin. Keyingi bosqichda xarid qilinadigan ana shunday zamonaviy avtotransportlar qadimiy shaharlardagi vokzallarda ham sayyohlarga xizmat ko‘rsatadi.

Taqdimot doirasida jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ tomonidan kelajakda poytaxt hamda viloyat markazlaridagi temir yo‘l vokzallarida taksi xizmatlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilganligi haqida ma’lumotlar berildi.