2019-yil 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisini joriy yilning 21-iyun kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yalpi majlis kun tartibiga mamlakat taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishga, barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga, 2017—2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilgan O‘zbekistonning bir qator qonunlari kiritilgan.
Yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida”gi, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risida”gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston qonunlari shular jumlasidandir.
Yalpi majlisda Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar tomonidan Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitiladi.
Senat a’zolari Istiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida, Ichki ishlar vazirligi akademik litseylarida qonun hujjatlari ijrosi holati to‘g‘risida hukumatga parlament so‘rovlari yuborish masalasini muhokama qiladi, shuningdek, ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini ko‘rib chiqadi.
Yalpi majlisda Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining yigirmanchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun ishchi guruh tuzildi.
Shuningdek, majlisda Kengash vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)