Bugungi kunda O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir vaqtning o‘zida respublikaning turli viloyatlarida 22 ta investitsiyaviy loyihalar asosida GESlar qurilishi va mavjudlarini modernernizatsiya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” AJ matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Avval xabar berganimizdek, jamiyat tomonidan “Tuyabo‘g‘iz” kichik GESi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, endilikda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani Katta Farg‘ona kanalida barpo etilgan kichik GESlar kaskadi ishlash uchun shay holatga keltirilgan.
Bu haqda ommaviy axborot vositalari uchun bo‘lib o‘tgan press-tur davomida ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, 2017–2019-yillarda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanalida umumiy quvvati 12 MVtga ega bo‘lgan kichik GESlar kaskadini qurish vazifasi belgilangan. Katta Farg‘ona kanali mamlakatdagi yirik suv magistrallardan biri hisoblanadi. Katta Farg‘ona kanalidagi kichik GESlar kaskadining ishga tushurilishi natijasida Namangan viloyati yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 72,89 million kVt.s ga oshirishga erishiladi. Bu esa 48 ming xonadonni yoki viloyatning Uchqo‘rg‘on tumanini uzluksiz ekologik toza va qayta tiklanuvchi elektr energiyasi bilan to‘liq ta’minlashga imkon beradi.
Loyihaning umumiy qiymati 31 million dollar bo‘lib, uning 22,3 million dollarga teng qismi “O‘zbekgidroenergo” AJ, qolgan qismi esa Xitoyning “Eksimbanki” hisobidan qoplanadi. Xarajatlar 8,5 yil davomida to‘la qoplanishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyihaning umumiy texnik iqtisodiy asoslari “Gidroproyekt” AJ tomonidan ishlab chiqilgan, qurilish ishlarining bosh pudratchisi sifatida “TO‘PALANG HPD BUILDING” UK belgilangan.
GESda jami 4 ta gidroagregat o‘rnatilgan bo‘lib, har birining quvvati 3 MVt tashkil etadi. GESning umumiy quvvati esa 12 MVtdan iborat bo‘lib, kaskadda Katta Farg‘ona kanalining PK 142 dan to PK 184 hududigacha bo‘lgan qurilish ishlari reja asosida olib borilib, mazkur hududlarda tegishli topografik-geodeziya tadqiqotlari olib borildi va zarur xulosalar asosida ishlar amalga oshirildi.
Qurilish ishlari 2017-yil iyun oyida boshlab yuborildi. Ushbu jarayonga 60 dan ortiq maxsus texnika va yirik mashinalar jalb qilindi.
Loyihaning montaj va sozlash ishlarida hamkor tashkilotlardan “Andijon GES”, “Maxsusgidroenergomontaj”, “Andijongidroenergomontaj”, “O‘zbekgidroenergoqurilish” korxonalari faol ishtirok etmoqda.
Hozirgi kunda kichik GESlar kaskadiga suv boruvchi kanalning ikki qirg‘og‘iga 3 ming tupdan ziyod mevali, 1000 tupdan ziyod manzarali daraxtlar ekilib, mazkur hudud tobora obodonlashtirilmoqda.
Hozirda GESda oxirgi montaj sozlash ishlari olib borilmoqda. Mazkur GESning rasmiy ochilish marosimi yaqin kunlar ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)