O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dushanbe shahriga yetib kelgach, Millat saroyida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston—Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur’at bilan rivojlanib, tobora mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zaro siyosiy iroda va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli strategik sheriklik tamoyillari amalda ro‘yobga chiqarilayotgani qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlari ilgari surilmoqda. Hududlar darajasida faol muloqot yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuvda qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi hamda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidentiga OHIChK sammiti doirasidagi tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Izoh (0)