“Million” jamoasining a’zosi Mirkomil Musayev “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni jurnalist Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Suhbat davomida Mirkomil Musayev jamoaning 2,5 yil litsenziyasiz davri haqida gapirib berdi.

“Million” jamoasining litsenziyasi olingani balki to‘g‘ri qaror bo‘lgandir. Hech narsa besabab bo‘lmaydi. Bu biz uchun dars bo‘lgan, o‘zimizning ustimizda ishlaganmiz. Qaysi qadamlarimiz xato bo‘lganini ko‘zimizni ochib ko‘rganmiz. Yana “Nima xato qildikki, bizni jazolashdi. Nimaga boshqalar emas, biz ko‘zga ko‘rindik” degan fikr xayolimizdan o‘tgan. Lekin hamma o‘zi uchun javob berishi kerak. O‘sha payt qilgan xatolarimiz ustida ishladik. Bunga jiddiy qaradik. 2,5 yil ichida tomoshabinning ko‘ngli qolib ketishi mumkin edi. Yoki boshqa bir jamoa chiqib, o‘z-o‘zidan yo‘qolib ham ketishimiz mumkin edi. Unaqa bo‘lgani yo‘q. Astoydil kurashdik. Davronning o‘zi: “Imkonimiz borida katta sahnaga qaytaylik, xato bo‘lgan chiqishlarimizni to‘g‘irlab, ishonchni oqlaylik”, degan maqsadda 2,5 yildan keyin konsert berdik. Birinchi o‘rinda tomoshabinlarga rahmat. O‘zlari xatolarimizni oyna qilib ko‘rsatishadi. O‘zimiz ham ancha boshqacha fikrlaydigan bo‘lganmiz. Yoshlikda xatoliklar bo‘lgandir. Lekin hozir boshqacha. Yoshimizga nisbatanmi, hammamizning uyimizda ota-onalarimiz bor. Biz qanchalik siqilgan bo‘lsak, o‘sha payt ota-onalarimiz ham birga qayg‘urishgan. Xudoga shukur, ortda qoldi.

Mirkomil Musayev, “Million” jamoasining a’zosi