Havaskor boksda Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasi vakili Bektemir Meliqo‘ziyev 14-iyun, juma kuni tongda AQShda professional boksdagi o‘zining debyut jangini o‘tkazadi.
6 raundga mo‘ljallangan jangda Meliqo‘ziyevga argentinalik Martin Fidel Rios raqiblik qiladi.
Ma’lumot uchun, 27 yoshli Rios shu kungacha professional boksda 46 ta jang o‘tkazgan va ularning 23 tasida g‘alaba qozongan bo‘lsa (13 ta nokaut), 19 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan (4 ta nokaut). Yana 4 ta jangda esa durangga erishgan.
Qayd etish joiz, u o‘z vaqtida o‘zbekistonlik boshqa bir bokschi Azizbek Abdug‘ofurovga qarshi jangda mag‘lub bo‘lgandi.
“Ushbu jangga 2 oy davomida tayyorgarlik ko‘rdim. Raqibim ancha tajribali. Shu kungacha professional boksda 46 ta jang o‘tkazgan. Debyut jangim uchun tayyorgarlik doirasida murabbiylar bilan birga ishladik. Sparringlarda turli raqiblarga qarshi harakat qildim. Taktik tomonlar bo‘yicha ham ish olib bordim. Nasib qilsa, professional boksdagi debyut jangim muvaffaqiyatli bo‘ladi. Jang, albatta, oson bo‘lmaydi, ammo shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rganman. Xudo xohlasa, ushbu jangda g‘alaba qozonaman”, — dedi Bektemir Meliqo‘ziyev O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmatiga bergan intervyusida.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)