Uzbekistan Airways’dan koreyalik fuqaro Minah Kimning haqi undirib berildi, deb xabar berdi O‘zA.

Foto: O‘zA

Ma’lum bo‘lishicha, Minah Kim xonim 2018-yil 6-noyabrida Uzbekistan Airways amalga oshiradigan Incheon—Toshkent—Tel-Aviv aviaqatnovi bo‘yicha Ispaniyaning chiptalarga buyurtma beruvchi Travelgenio agentligi orqali bir tomonga ikkita aviachiptani jami 1 203 177 Koreya voniga (taxminan 1017,69 dollar) sotib olgan.

Chiptalarga buyurtma berish agentligidan dekabrdagi reyslar o‘zgarishi haqida ma’lumot olgan Kim xonim Uzbekistan Airways’dan reyslar jadvalini yuborishni so‘ragan. Biroq aviakompaniya vakili tilga olingan reyslar bo‘yicha jadvalda o‘zgarish yo‘qligini aytgan. Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida Kim xonimga ayni aviareys boshqa muqobil reys taklif etmay, bekor qilinganini aytishgan. Shu sababli u boshqa aviachipta sotib olishga majbur bo‘lgan.

Keyinchalik Kim xonim Travelgenio agentligidan ham, Uzbekistan Airways’dan ham noiloj tarzda ishlatilmay qolgan bron pulini qaytarishni iltimos qilgan. Chiptani bron qilib bergan agentlik 2019-yil 29-yanvarida 608 448 vonni (bitta bron uchun) qaytaradi.

Ikkinchi bron uchun hamon pul qaytarilmayotganidan norozi bo‘lgan Minah Kim Koreya iste’molchilar agentligi tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga shikoyat qilgan. Natijada Federatsiya tomonidan koreyalik iste’molchining 776 dollar mablag‘i Uzbekistan Airways’ning Seuldagi vakolatxonasi orqali qoplab berildi.