O‘zbekiston davlat san’at muzeyi rekonstruksiya uchun yopildi. Bu haqda muzey direktori Vasila Fayziyeva ma’lumotiga tayanib O‘zA ma’lum qiladi.

Foto: O‘zA

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi 1918-yilda tashkil etilgan. Hozirda muzey faoliyat yuritayotgan bino 1974-yilda foydalanishga topshirilgan. O‘tgan vaqt mobaynida muzey binosi ta’mirtalab holatga kelib qolgan, shuningdek, muzey kolleksiyalarini saqlash muhiti va tashrif buyuruvchilar uchun yetarli shart-sharoitlar achinarli ahvolda edi.

Prezidentning 2017-yil 31-maydagi qarori asosida 2017—2027-yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

Dasturga muvofiq O‘zbekiston davlat san’at muzeyi binosini rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, muzey kolleksiyalari va ashyolarini belgilangan me’yorlarda saqlash hamda namoyish etish uchun qo‘shimcha xonalarni qurish, binoning ichki va tashqi taraflarini tubdan ta’mirlash rejalashtirilgan. O‘z navbatida, mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga zamon talabiga mos sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, muzey binosida rekonstruksiya ishlari bir yil davom etadi. Bu davr mobaynida muzey vaqtinchalik faoliyat yuritmaydi.