Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini pasaytirishga zarurat yo‘q. Bu haqda 12-iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi, deya Spot xabar beradi.

Foto: Spot

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi Soliq kodeksi xorijiy va mahalliy investorlarni rag‘batlantirishi kerak. “Har qanday tadbirkor pul sarflagan bo‘lsa, u foyda olish kerak. Agar u foyda ko‘rmasa hech qachon sarmoya kiritmaydi”, — deydi Mubin Mirzayev.

U, shuningdek, DSQ Jahon Banki mutaxassislari bilan O‘zbekistondagi QQSning maqbul stavkasini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. Mutaxassislarning fikricha, investorlar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i darajasi muhim emas.

“Asosiysi, tadbirkorlar o‘z vaqtida QQSni qaytarish huquqiga ega bo‘lishi kerak. Qaytarish o‘z vaqtida amalga oshirilmasa yoki miqdor bir xil bo‘lmasa, unda (investor) hech qachon mablag‘ sarmoya qilmaydi. Biz bu masalani yangi kodeksda ko‘rib chiqib, uskunalar importida QQSni darhol qaytarish imkoniyatini muhokama qilmoqdamiz. Pulni qaytarish biz uchun qiyin bo‘ladi, ammo mazkur jarayon iqtisodiyotni rivojlantirish uchun zarur bo‘lsa, biz bunga tayyor bo‘lishimiz kerak”, — dedi u.

Mirzayev Jahon banki ekspertlari O‘zbekiston uchun QQSning normal darajasi 20% ni tashkil etishini qayd etganliklarini eslatib o‘tdi. Bundan tashqari, ular birinchi navbatda soliq tizimida tartib o‘rnatishni maslahat berishmoqda: imtiyozlarni bekor qilish, barcha soliq to‘lovchilar uchun QQSni joriy etish va budjetga barqaror tushumlarni ta’minlash.

“Agar biz QQS uchun yaxshi asos va keng qamrov yaratadigan bo‘lsak, unda biz (soliq stavkasini) pasaytirishni muhokama qilamiz. Hali erta”, — dedi Davlat soliq qo‘mitasi raisining o’rinbosari.

U, shuningdek, hozirgi paytda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 11,5% ni tashkil etganini, ammo 20% QQS stavkasida ijtimoiy imtiyozlarni hisobga olgan holda kamida 18% bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.