“Mahalla” gazetasida jurnalist Yormamat Rustamovning “Samarqand shahri hokimi va prokurori aholidan nega kechirim so‘ramadi?” sarlavhali maqolasi chop etildi, deb yozadi “Ishonch.uz”. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.

Foto: “Kun.uz”

Bir vaqtlar “Hujum” fabrikasiga tegishli bo‘lgan, Samarqand shahrining “Fidoyilar”  mahallasi hududida joylashgan ikkita 2 qavatli yotoqxona binosidan bugungi kunda aholi turarjoy sifatida foydalanib kelyapti. Bundan roppa-rosa 92 yil muqaddam barpo etilgan 41 xonadonli uylarda 58 ta oila yoki 200 nafardan ziyod odam istiqomat qiladi.

Qachongacha yolg‘on hisobotlar bilan yashaymiz?

Shundog‘am umrini yashab, yaroqsiz holga kelib qolgan binolarda na tabiiy gaz va na ichimlik suvi bor. Odamlar shu atrofda qurilgan birgina hojatxonadan foydalanadi. Binolar avariya holatida bo‘lganidan tashqari, hudud ham sanitariya talablariga javob bermaydi.

— “O‘zing uchun o‘l yetim”, degan naqlga amal qilib yashayapmiz, — deydi Oygul G‘aniyeva. — Oltmishga yaqin oila hovlidagi bitta krandan suv tashib ichamiz. Ovqatni o‘tin yoqib pishiramiz. Salgina shamol essa, elektr ham o‘chib qoladi. Ikki xonali xonadonlarda ayrim qo‘shnilar 10-12 kishi bo‘lib yashayapti. Buning ustiga, aksariyatining tomidan chakka o‘tadi. Mazkur muammolar yuzasidan ko‘p joylarga murojaat qildik. Hech kim arz-dodimizga quloq solmadi.

Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, mazkur hudud shahar prokurori sektoriga qarashli bo‘lib, sektor boshlig‘i haligacha biror marta bu yerga qadam bosmagan ekan. Xullas, mazkur uylardagi ahvol juda og‘ir.

Yaqinda bu yerdagi holatni, odamlarning yashash sharoitini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov aholi muammolariga panja orasidan qaragan shahar hokimligi hamda sektor rahbarlari nomidan aholidan uzr so‘radi. Viloyatning birinchi rahbari sifatida bu yerdagi noxushliklardan bexabar qolgani, ayrim mutasaddilarning loqaydligi, befarqligi shu darajaga olib kelganini bayon qildi.

Iqrorlik — bu mardlik. Ammo shu hududga mas’ul bo‘lgan sektor rahbari, shahar prokurori, shahar hokimligi mutasaddilari nega aholidan kechirim so‘rashmadi? Axir, aynan ular emasmidi, joylarda sayyor qabullar tashkil etib, “uyma-uy, xonadonma-xonadon yurib, xalqning dardini eshit­yapmiz, muammolarni aniqlab, ularni to‘liq bartaraf etyapmiz”, deya yuqori idoralarga varaq-varaq hisobotlarni taqdim etayotgan? Demak, mazkur hisobotlardagi ayrim raqamlar yolg‘on ekan-da! Agarda ular rost bo‘lganida “Fidoyilar” mahallasidagi muammolar yechim topgan bo‘lmasmidi?!

Kamchiliklar qanday bartaraf etiladi?

Bugun viloyat hokimining “Fidoyilar” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha zarur barcha choralarni ko‘raman, degan va’dasi bajarilmoqda.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi davolash profilaktika muassasalarining malakali mutaxassislari tomonidan ikki kun ichida shu yig‘inning 1 ming 123 nafar fuqarosi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 35 nafar bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma olish uchun tibbiy ma’lumotnoma berildi. Ko‘chma rentgen apparati yordamida 236 ta tekshiruv o‘tkazilib, aholiga tegishli amaliy yordam ko‘rsatildi.

O‘rganishlar davomida mazkur mahalladagi 32 ta oila hozirgacha qonuniy nikohdan o‘tmay yashab kelayotgani, 80 nafar bolaning esa tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘qligi, ikki nafar fuqaro Mustaqilligimizning 28 yilligi yaqinlashgan bir paytda haligacha sobiq ittifoq pasporti bilan yashab yurgani aniqlandi.

Ayni paytda mutlaqo yaroqsiz holdagi mazkur ikki qavatli uylarda yashovchilar vaqtincha boshqa ijara xonadonlarga ko‘chirilib, ularni buzish ishlari boshlab yuborildi. Xayriyatki, ularning ijara pullarini to‘lab berishni shahar hokimligi o‘z zimmasiga olibdi. Ma’lumotlarga qaraganda, endi bu hududda yangi turarjoylar qad ko‘taradi va odamlar tez orada bu uylarga ko‘chib kiradilar.

Xuddi shunga o‘xshash holat bugun viloyatning boshqa bir tumani yoki shahrida uchramaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Shu bois joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, tegishli korxona va tashkilotlar mutasaddilari, mahalla oqsoqollari uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganishi, ularga yechim izlashda, kamchiliklarni tahlil etishda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘ymasdan ishlasalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.