12-iyun, chorshanba kuni Qarshi shahridagi “Hayot” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasining yangi boshlig‘i Usmon Nusurov viloyatda faoliyat yurituvchi OAV vakillari va jurnalistlarga tanishtirildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Usmon Nusurov (chapdan birinchi).
Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, Usmon Nusurov Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning 2019-yilning 29-maydagi buyrug‘iga asosan 1-iyun kunidan ish boshlagan. Bu vazifada ilgari Botirjon Musurmonov faoliyat yuritgan. Sobiq boshliq boshqa ishga o‘tayotganligi sabab ushbu vazifadan o‘z arizasiga ko‘ra ozod etilgan.

Usmon Nusurov ayni lavozimga tayinlanguniga qadar davlat raqobat qo‘mitasining “Biznes Daily” noshirlik uyi rahbari sifatida ish yuritgan.

Ma’lumot o‘rnida: viloyatda ayni kunda 39 nomdagi gazeta, 4 ta jurnal, 2 ta televideniye, 2 ta radio va 4 ta sayt faoliyat yuritmoqda.