O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi J.G‘aniev BMT Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) qarorgohida Bosh kotib Z.Pololikashviliga O‘zbekistonning ushbu xalqaro tashkilotdagi doimiy vakili sifatida ishonch yorlig‘i topshirdi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Jahon sayyohlik tashkiloti o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Mamlakat rahbariyatining Jahon sayyohlik tashkiloti Yevropa mintaqaviy komissiyasi 65-majlisini 2020-yil Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun Bosh kotibga minnatdorlik bildirildi.
JST rahbari O‘zbekistonda turizm sohasini tubdan isloh qilish va uni barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasiga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
“O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda milliy turizm sanoatini rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy sharoit yaratdi”, — deb ta’kidladi Z.Pololikashvili.
Z.Pololikashvilining fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetini tashkil etish bo‘yicha taklifining qisqa fursatda amalga oshirilgani va ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun viza tartibining soddalashtirilgani e’tirofga loyiq.
Bosh kotib Jahon sayyohlik tashkiloti Yevropa mintaqaviy komissiyasi majlisini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan qaror tashkilotga a’zo barcha davlatlarga O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyatini yana bir bor namoyon etish, uning “Ipak yo‘li” loyihasidagi yetakchi rolini ko‘rsatish va xorijiy investorlarni mamlakat sayyohlik sektoriga faol jalb etish uchun qulay imkoniyat bo‘lishini ta’kidladi.
Uchrashuvda Z.Pololikashvili O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasining Samarqandda bo‘lib o‘tadigan JST tadbiri doirasida sayyohlik sohasi vakillari biznes-forumini tashkil qilish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Izoh (0)