O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi Javlon Toshho‘jayev joriy yilning 10-iyun kuni 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Foto: Madaniyat vazirligi

Javlon Toshxo‘jayev 2002-yildan 2008-yilga qadar Andijon viloyati musiqali drama teatrida direktor vazifasida ishlagan.

U 1943-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1962-yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat teatr va rassomlik institutini drama rejissorligi fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1967-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan.

U o‘z mehnat faoliyatini dastlab 1960-yilda Toshkent shahridagi 82-o‘rta maktabda kutubxonachi vazifasida boshlagan. 1964-yildan 1973-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi radiosida rejissor sifatida davom ettirdi. Javlon Toshxo‘jayev 1973—1974-yillarda Qo‘qon musiqali drama teatrida, 1974—1975-yillarda Jizzax teatrida, 1975—1978-yillarda Samarqand viloyati teatrida rejissor bo‘lib ishladi. 1978—1989-yillarda Andijon viloyati madaniyat ishlari boshqarmasida mutaxassis, 1989—1996-yillarda Andijon viloyati musiqali drama teatrida badiiy rahbar, 1996—2000-yillarda “O‘zbeknavo” gastrol-konsert birlashmasining Andijon viloyati bo‘limida rahbar, 2000—2002-yillarda Andijon viloyati madaniyat ishlari boshqarmasining boshliq o‘rinbosari, 2002-yildan 2008-yilga qadar Andijon viloyati musiqali drama teatrida direktor vazifasida ishladi.

Shu yillar davrida u teatr sahnasida Sobir Abdullaning “Tohir va Zuhra”, Olimjon Xoldorning “Qotil kim”, “Mirkomilboy”, “Oy tutilgan kechalar”,  Mahkam Andijoniyning “Qabohat”, N.Mo‘ydinov “Begoyim” kabi ko‘plab asarlarni rejissor sifatida sahnalashtirib, andijonlik san’at ixlosmandlarini xushnud etgan.

J.Toshxo‘jayev o‘zini dramaturg sifatida ham elga tanita olgan. Uning qalamiga mansub “Tirikligida asrang insonni”, “Hazon bo‘lgan yoshligim”, “Xush kelibsan tovuq – Yangi yil!” kabi bir qator asarlari teatr sahnasida turli rejissorlar tomonidan sahnalashtirilgan.

Uning xizmatlari hukumat tomonidan yuksak qadrlanib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Madaniyat xodimi unvoni, “Mehnatda o‘rnak ko‘rsatgani uchun” medali, “Mustaqillikning bir yilligi”, “Mustaqillikning o‘n yilligi” nishonlari bilan taqdirlangan.