Respublika bo‘yicha joriy yilning 5 oyi davomida ishlab chiqarishda 228 ta baxtsiz hodisalar yuz bergan, shulardan 61 tasi  o‘lim bilan tugagan, 155 tasi oqibati og‘ir va 11 tasi guruhiy baxtsiz hodisalarni tashkil etgan. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berdi.

Foto: Arxiv

2018-yil misolida olib qaralsa, Respublika bo‘yicha yil davomida ishlab chiqarishda 554 ta baxtsiz hodisa yuz bergan, shulardan 164 tasi o‘lim bilan tugagan, 364 tasi oqibati og‘ir va 26 tasi guruhiy baxtsiz hodisalarni tashkil etgan. Ushbu baxtsiz hodisalar oqibatida 183 nafar xodim halok bo‘lgan, 428 nafari og‘ir va 47 nafari yengil tan jarohati olgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha 2019-yilning 5 oyi davomida o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra 8275 ta korxonada 45854 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Ulardan 27176 tasi mehnatni muhofaza qilish qonunchiligi va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik, 2555 tasi mehnat shartnomasi tuzilmagani, norasmiy ravishda xodimlar mehnatidan foydalanilgani, 1920 tasi ish haqi belgilangan muddatlarda to‘lab berilmagani, 2016 tasi mehnat daftarchalarini yuritish tartibi buzilganligi hamda mehnat qonunchiligiga rioya etilmagan boshqa holatlar oqibatida kelib chiqqan.

Tahliliy tekshiruvlar baxtsiz hodisalarda asosan quyidagi omillar ta'siri mavjudligini ko‘rsatdi:

- ish beruvchi tomonidan mehnat muhofazasi talablari bajarilmasligi;

- xodimlarning mehnat muhofazasi qonunchiligidan yetarlicha xabardor emasligi va shunga muvofiq o‘z haq-huquqlarini talab etmasligi;

- xodimlarning norasmiy ishlatilishi;

- mehnatni muhofaza qilish tadbirlariga mablag‘ ajratilmasligi;

- xodimlarni mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlardan o‘tkazish, mehnat xavfsizligiga o‘qitish va bilimlarni tekshirgan holda ishga tayinlash tashkil etilmaganligi;

- xodimlarning belgilangan me'yorlar asosida maxsus ish kiyimi, shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlanmaganligi;

- ish o‘rinlarining mehnat sharoitlari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazilmasligi;

- ish beruvchilar tomonidan xodimlarga xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlari yaratib berilmasligi;

- ish beruvchi tomonidan xodimlarning mehnat muhofazasiga rioya qilishi bo‘yicha yetarlicha nazorat o‘rnatilmaganligi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ushbu qonunbuzarliklarga nisbatan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davridagi qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha 6118 ta yozma ko‘rsatmalar va 298 ta taqdimnomalar kiritildi, 7262 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 4899,1 million so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Baxtsiz hodisalarni maxsus tekshirish jarayonida 2512 ta aniqlangan kamchilik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan 228 ta yozma ko‘rsatma berildi hamda qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi uchun 207 nafar  mansabdor shaxsga nisbatan 395543 ming so‘mlik ma’muriy jarima qo‘llanildi.

Qolaversa, 2019-yilning 5 oyi davomida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan jami 7152 nafar fuqaro murojaatlari ko‘rib chiqilib, shundan 4168 ta murojaat qanoatlantirilgan va 2449 nafar fuqaroning buzilgan mehnat huquqlari tiklangan, 2830 nafar fuqaroga tegishli maslahat va tushuntirishlar berilgan, 447 nafar fuqaroning jami 2 mlrd. so‘mdan ortiq ish haqlari tegishli tartibda undirilgan.

Olib borilayotgan ana shunday chora-tadbirlarga qaramay, mehnat muhofazasiga rioya etmaslik ortidan kelib chiqayotgan baxtsiz hodisalar sonini keskin kamaytirish, ularning oldini olish, bartaraf qilish va fuqarolar uchun to‘liq xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalasi dolzarbligicha qolmoqda.

Shu bois, mehnat muhofazasi bo‘yicha samarali natijaga erishish va bu boradagi sa'y-harakatlarni yanada maqsadli tashkil etish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur:

Birinchi, mehnat muhofazasi buzilganligi uchun tayinlanadigan ma'muriy jarimalar miqdorini oshirish. Qonunchilikka muvofiq, hozirda bunday holatlar uchun eng kam oylik ish haqining ikki barobaridan besh barobarigacha jarima tayinlangan. Ammo bu jarima miqdori qonunchilik oldida katta javobgarlikka ega bo‘lmagani sabab, mehnat muhofazasi talablariga rioya etilishida beparvolik va o‘zbilarmonlikni keltirib chiqarmoqda. Agar buning oqibatida inson hayotiga tahdid turganligi inobatga olinsa, amaldagi jarima miqdorining naqadar arzimasligi ayon bo‘ladi-qoladi.

Ikkinchi, mehnat muhofazasi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini va profilaktika jarayonlarini kuchaytirish joiz.

Uchinchi, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan tashkilotlar, shu jumladan, qurilish joylarida mehnat muhofazasi bo‘yicha muntazam tekshiruv ishlarini olib borish.

Bugungi kunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan mehnat muhofazasini ta’minlash va mehnat qonunchiligi buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Davlat mehnat inspeksiyasining (71) 200 06 00 telefon raqamlari, Info@mehnat.uz elektron manzili va dmi.mehnat.uz sayti singari ishonch tarmoqlari ishga tushirilgan bo‘lib, ular orqali bevosita fuqarolar murojaatlari qabul qilinadi.