O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan gilos Xitoyning Shanghai Huizhan Fruit & Vegetable Market Management Co.,Ltd. bozoriga yetkazildi. Bu haqda O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib, Sputnik xabar qildi.
Farg‘ona viloyatida yetishtirilib, Shanxayda sotish maqsadida yetkazib berilgan gilos mevasining birinchi 30 tonnalik partiyasini qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
“O‘zbek gilosi juda mazali ta’mga ega. Uning qadog‘i va kalibrovkasi xalqaro talablarga javob beradi. Bu jahon brendlari bilan raqobatlashish imkonini beradi”, — dedi Zhejiang Fesna E-shop Co.Ltd kompaniya bosh menejeri Chju Szyanfen.
Shanghai Huizhan Fruit & Vegetable Market Management Co., Ltd boshqaruvchining o‘rinbosari Lin Yetaning so‘zlariga ko‘ra, Shanxay aholisi birinchi marta o‘zbek gilosini ta’tib ko‘rmoqda. “Shu munosabat bilan umid qilamanki, Xitoy savdo rastalarida o‘zbek mevalarining assortimenti yanada kengayadi va kelgusida bizga qovun, uzum, limon va boshqa mahsulotlar keladi”, — dedi Lin Yeta.
Ta’kidlanishicha, Xitoy kompaniyasi Tmall internet do‘koni maydonida sotish uchun O‘zbekistondan gilos importi hajmini 2600 tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)