Rossiyalik xonanda Alsuning qizi Mikella Abramova Tataristondagi leykemiya bilan og‘rigan bolalar va kattalarga yordam ko‘rsatuvchi Anjela Vavilova nomidagi jamg‘armaga million rubl hadya qildi. Bu haqda jamg‘arma boshqaruv raisi Vladimir Vavilov ma’lum qildi, deb yozadi TJournal.

Foto: TJournal

26-aprel kuni Abramova “Golos” shousining g‘olibi bo‘ldi, 29-aprel kuni esa u shartnomaga qo‘l qo‘yib, o‘zi yutib olgan million rublni menga berdi. U ‘Ushbu million rublni bolalaringizga beraman’ deb aytdi”, —  deydi Vavilov.

Ma’lumot uchun, “Golos” loyihasining barcha final bosqichi ishtirokchilariga million rubldan mukofot puli berildi.

Vokal shousining oltinchi mavsumi yakuni tomoshabinlarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

26-aprel kuni shou g‘olibi sifatida Alsu va bankir Yan Abramovning qizi e’lon qilindi. Keyinroq, “Birinchi” telekanali rahbariyati ovoz to‘plash jarayonida g‘irromlikka yo‘l qo‘yilganini aniqladi va ushbu jarayonni boshqatdan o‘tkazishga qaror qildi. Alsuning qizi ikkinchi final bosqichida ishtirok etishdan bosh tortdi.