O‘zbekiston Milliy axborot agentligi “Zo‘r TV” telekanalidagi “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvining shov-shuvga sabab bo‘lgan soni haqida maqola e’lon qildi. Uni to‘lig‘icha keltirib o‘tamiz.

Foto: O‘zA

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan “Zo‘r TV” telekanalining “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvi 71-sonida uyushtirilgan videoda jurnalist Ahror Qo‘shmatov chuv tushibdi. Video ostiga fikr qoldirayotganlarning birortasi ko‘rsatuv ijodkorlarni oqlamagan, voqeani hazil deb qabul qilmagan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Bahoroy Ochilova “Bu ko‘rsatuvning nima keragi bor o‘zi? Xalq e’tiboridagi insonlarning ustidan kulish, ular uchun qiziqarli bo‘lib qoldimi? Mening nazarimda san’atkorlarning shaxsiy hayotini ekranga olib chiqib, kalaka qilmaslik kerak”. Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Shavkat Mamatqulov esa “Oxirgi paytda ajoyib ko‘rsatuvlar chiqyapti, ko‘rsang ensang qotadi. Har kim o‘z saviyasiga yarasha biror narsa yaratadi-da. Lekin o‘ta saviyasiz ko‘rsatuvlarning ekranga chiqishiga to‘siq qo‘yish kerak”, deb fikr qoldirgan.

Kolyaska yetaklab ketayotgan ayol Ahror Qo‘shmatovni ko‘rib qoldi va u bilan suratga tushmoqchiligini aytdi. So‘ng onasining tug‘ilgan kuni uchun jurnalistdan tabrik so‘z yozib olishga kirishdi. Shu onda “tasodifan” kolyaska suvga yiqilib ketdi. Kutilmagan vaziyatdan shoshib qolgan jurnalist o‘zini suvga otdi. Ming afsuski, bolani topa olmadi. Ona “bolamni topib ber” deb yig‘lar, o‘zini aybdor sanayotgan jurnalist qayta-qayta suvga sho‘ng‘irdi. U bilmaydiki bu voqea uyushtirilgan.

Jurnalist voqeaning ssenariy asosida tayyorlanganini bilgach, ko‘ngli biroz taskin topdi. O‘sha daqiqalarda ko‘nglidan o‘tganlarini so‘zlab berdi.

– Bu ko‘rsatuvning ko‘p sonlarini ko‘rganman, o‘zim ham muxlisman, – deydi Ahror Qo‘shmatov. – Eng qaltis hazil shu bo‘ldi, menimcha. Birinchidan yosh bola... Mana man degan odamning yuragi orqaga tortib ketadi. Bunaqa vaqtda adrenalin oshib ketarkan. Qanday qilib suvga tushganimni bilmayman. Xayolimga kelgan birinchi fikr “nega onasi suvga tushmadi?” Keyin yaxshiyam tushmadi, u ham cho‘kib ketardi, deb o‘yladim. Suvning tagi o‘rama ekan. Suvdan chiqib, boshqa tomonga yugurib bordim. Bolani o‘sha yerda ushlayman degandim. O‘zimning mazam qochib qoldi. Ko‘rsatuvning nomi “Xafa bo‘lish yo‘q”, lekin men sizlardan qattiq xafa bo‘ldim. Infarkt bo‘lishimga ozgina qoldi. Bu tomonini ham hisobga olish kerak edi.

Ko‘rsatuv boshlovchilari nega bunday xavfli va kurakda turmas hazilni uyushtirdi?

Ko‘rsatuv so‘ngida boshlovchilardan biri Sanjar Pardayev “Bu lavha bilan Ahror Qo‘shmatovning ustidan kulmoqchi emasdim. Ahror Qo‘shmatovning qanday odam ekanligini bilmoqchi edim, o‘zim uchun” deb izoh bergan. E’tibor bering-a, u bir odamning kimligini bilish uchun shu sahna ko‘rinishini oldindan rejalashtirgan. O‘zi uchun bo‘lsa, nega unda keng ommaga e’lon qildi?

Videoni ko‘rib, bolasi suvda cho‘kib vafot etgan onalarni o‘yladim. O‘zim ham bir ayolni bilaman. Bir bolasi suvda cho‘kib vafot etgan. Shundan buyon boshqa bolalarini suvga yaqinlashtirmaydi, hatto suzish havzasiga ham yubormaydi. Qo‘rqadi. Ko‘rsatuv ijodkorlari ekran oldida yuragi yarim ota-onalar borligini o‘yladimikin?