Futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasining 2018/2019-yilgi mavsumi final uchrashuvi 1-iyun, shanba kuni Toshkent vaqti bilan 00:00 da boshlanadi. G‘oliblik uchun Angliyaning “Liverpul” va “Tottenhem” jamoalari o‘zaro kurash olib boradi.

Final oldidan Repost nashri o‘zbekistonlik amaldorlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Unda, jumladan, O‘zbekiston bosh prokurori Otabek Murodov, Yoshlar Ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev, AKT vaziri birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ham qatnashgan.

Otabek Murodov, bosh prokuror: “Futbolni juda yaxshi ko‘raman, lekin musobaqani kuzatib borishga amalda imkon bo‘lmayapti. Shanba kuni bo‘ladigan o‘yinni ko‘rishga harakat qilaman, albatta. ‘Liverpul’ga muxlislik qilaman, chunki bu katta tajriba va nufuzga ega kuchli jamoa”.

Qahramon Quronboyev, Yoshlar Ittifoqi raisi: “Mening taxminim — ‘Liverpul’ 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi. Agar o‘yin kuni Toshkentda bo‘lsam, finalni albatta tomosha qilaman”.

Rasul Kusherbayev, deputat: “‘Liverpul’ga muxlislik qilaman. Ko‘p yillardan beri ushbu jamoa o‘yinlarini kuzatib kelaman. Klubning barcha futbolchilari orasida Muhammad Salohni eng yaxshisi, deb hisoblayman”.

Olimjon Umarov, AKT vaziri birinchi o‘rinbosari: “15 yoshimdan beri ‘Liverpul’ga muxlislik qilaman, shu bois finalda ham aynan ularga muxlislik qilaman”.