Sayyoraning eng yirik va eng muhim mukofoti hisoblangan “Oskar”ga endilikda o‘zbek filmlarini taqdim qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda Yoshlar media markazi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Yoshlar media markazi

Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O‘zbekiston “Oskar” qo‘mitasi tashkil qilinib, AQSh kinoakademiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Shu yilning 1-oktabr kuni O‘zbekiston “Oskar” qo‘mitasi tomonidan 2020-yilning 9-fevral kuni Los-Anjeles shahrining mashhur Dolby teatrida bo‘lib o‘tadigan 92-“Oskar” taqdirlash marosimining “Eng yaxshi xalqaro badiiy film” nominatsiyasiga O‘zbekiston nomidan film ilgari suriladi.

O‘zbekiston “Oskar” qo‘mitasining a’zolari tarkibi va filmlarni saralab olish nizomi bilan tanishtirish maqsadida milliy qo‘mitaning koordinatsion muassisi O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi yaqin kunlarda O‘zbekiston “Oskar” qo‘mitasi taqdimoti hamda matbuot anjumani o‘tkazishni rejalashtirgan.

Dunyoning 90 ga yaqin mamlakatida ochilgani singari O‘zbekistonda ham “Oskar” qo‘mitasini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlarga yosh kinoijodkorlarning Kann kinofestivali doirasidagi O‘zbekiston milliy pavilyonida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar davomida erishildi.