“Pole chudes” (“Mo‘jizalar maydonchasi”) ko‘rsatuvi boshlovchisi Leonid Yakubovich Baltkom radiosiga bergan intervyusida o‘z faoliyati sirlari haqida gapirdi. Bu haqda Sputnik xabar qiladi.

Foto: Sputnik

Teleboshlovchining tan olishicha, u hech qachon o‘zi boshlovchilik qiladigan ko‘rsatuvni televizor orqali tomosha qilmagan, va u hamon nega efirdan tushmay kelayotganiga ham aniq javob aytolmaydi.

“Bu ko‘rsatuv 29 yildan beri yashab kelayotgani sirini men ham tushunmayman. Rost aytyapman, hazillashayotganim yo‘q”, — deydi u.

Shu bilan birga, Yakubovich, har safar “Motor!” buyrug‘i berilishi hamon, bundan boshqacha lazzatlanishini ta’kidladi. Teleboshlovchining aytishicha, teletomoshabinlar suratga olish maydonida hukm suradigan muhitni baribir to‘liq his qila olmaydi.

Odamlar zalda juda xursand o‘tiradi, kuladi, ko‘rsatuv ishtirokchilari hazil qiladi, ammo efirga bularning bir qismi olib chiqiladi, xolos. Asosan, bu “savol-javoblar” bo‘ladi.

““Montaj” deb nomlanuvchi buyuk va shu bilan birga qayg‘uli bir tushuncha bor. Ko‘rsatuvdagi iliqlik, xo-xolab kulishlar va yumor ba’zan qirqib tashlanadi, bu esa albatta, ko‘rsatuv kayfiyatiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi”, — deb qo‘shimcha qiladi Yakubovich.

Kapital-shou “Pole chudes” — 1990-yildan buyon ekrandan tushmay kelayotgan teleko‘rsatuvdir. Birinchi boshlovchisi Vladislav Listyev bo‘lgan.

Birinchi yil ko‘rsatuv goh payshanba, goh seshanba kunlari ekranga chiqqan bo‘lsa, 1991-yilning 7-iyun sanasidan hozirga qadar — har juma kechqurun boshlanadi. Leonid Yakubovich o‘zining birinchi efirini 1991-yilning 22-noyabrida boshlagan.