“Daryo”da haftaning eng muhim va muhokamali xabarlari sharhini boshlaymiz.
Muftiy Usmonxon Alimov hafta boshida AQShga bordi. Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutida tashkil etilgan davra suhbatida nutq so‘zladi, O‘zbekistondagi diniy erkinlik, diniy ta’lim va boshqa masalalarga to‘xtaldi. Muftiy “Amerika ovozi” radiosi jurnalisti bilan suhbatda “Men qaysi bir masjidga boradigan bo‘lsam, u yerda yosh bolalarni ko‘raman. Yosh bolalarga hech kim hech narsa degani yo‘q. Bolalar kiritilmasin, degan tartib yo‘q. Bunday tartib umuman bo‘lmagan, bu tashqaridagi gaplar. Biz ham shu gaplarni eshitamiz, lekin namoyon bo‘lgani boshqacha. Bizga ham aytishadi, tekshirganimizda hech qanday to‘siq yo‘qligi ko‘rinadi. Lekin, bitta gap — yosh bolalar ilm bilan shug‘ullanishi kerak. Ilm afzalmi, ibodat afzalmi? Ilm afzal. Bu sen kelmagin, degani emas. Tushungan odam tushunadi”, dedi.
* * *
O‘zbekistonda lotin alifbosini isloh qilish bo‘yicha yakuniy xulosaga kelindi. Unga ko‘ra: to‘rtta harfning (Ch, G‘, O‘, Sh) ko‘rinishi o‘zgardi, “ts” tovushini ifodalovchi yangi C harfi qo‘shildi, “ng”dan voz kechildi.
* * *
Chinozlik mashhur “tadbirkor” Ahmadboy — Ahmadjon Tursunboyevga jinoyat ishi bo‘yicha hukm o‘qildi. Unga firibgarlik va boshqa qator ayblar qo‘yilgan. Ahmadboy 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi. U so‘nggi so‘zlarini aytar ekan, “...men o‘zim uchun to‘g‘ri ishlaganman, fuqarolarni aldamaganman. Fuqarolar o‘z xohishi bilan pul olib kelgan. Fuqarolar ko‘payganidan keyin qonuniy qilib firma ochishga majbur bo‘lganman. Men birovni aldab, pulini olmaganman. O‘z xohishi bilan bergan. Qaysi odam shunchaki 10 ming dollarini 20 ming dollar qilib oladi? Bankka borsa, bank buni hech qachon qilib bermaydi. Bank bir yilda 10 ming dollarni 12 ming qilib beradi. Hech kim ularni majburlamagan, o‘z xohishi bilan olib kelgan...”, deb izoh berdi.
Moliyaviy piramida yaratib, fuqarolarning pullarini ikki barobar qilib qaytarishi bilan mashhur bo‘lgan Ahmadboy ishini bir necha yildan beri aholi qiziqib kuzatmoqda. Ajablanarlisi, faoliyati boshidanoq noqonuniy bo‘lgan “tadbirkor”ga davlat organlari bir necha yilgacha tegmaganidir.
* * *
O‘tgan haftada Namangan viloyatida aholi o‘rtasida birdan shov-shuv ko‘targan va zum o‘tmay hafsalasini pir qilgan voqea yuz berdi. Aytishlaricha, chustlik fermerning dalasidan quduq suvi chiqqan. Suv go‘yoki shifobaxshligi uchun minglab odamlar yopirilib kelayotgani, hatto qo‘shni viloyatdagilar suvga navbatda turishgani haqida mahalliy aholining ma’lumotlari tarqaldi. Bu haqda televideniye ham xabar berdi. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyatni nazoratga oldi va ekspert tahlillaridan so‘ng suv iste’molga butunlay yaroqsizligi haqida xulosa berdi. Vazirlikning ta’kidlashicha, quduq suvidan inson salomatligi yo‘lida foydalanishni to‘xtatish lozim.
* * *
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Sarvar Otamurodov partiya yetakchiligidan ozod etildi va “O‘zagrosug‘urta” aksionerlik jamiyati rahbari etib tayinlandi. Uning o‘rniga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Alisher Qodirov partiya raisi etib saylandi.
Sarvar Otamurodov 2016-yilgi prezidentlik saylovida o‘z partiyasidan nomzod sifatida qatnashgan. Ikki oy oldin u Ta’lim vazirligi va Madaniyat vazirligi hamda Yoshlar ittifoqi faoliyatini qattiq tanqid qilgan edi.
* * *
Hafta oxirlarida Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi talabalar shaharchasiga tashrif buyurib, O‘zMUda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi. Uchrashuvda matematika fakulteti talabasi Sardor Bozorboyev so‘zga chiqib, o‘z yutuqlaridan so‘zladi. Prezident “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisiga Sardor Bozorboyev uchun avtomobil ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
* * *
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov “Munosabat” ko‘rsatuvida kunduzgi vaqtda avtomobillarning yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish va jarimalar bo‘yicha qonunchilikdagi “o‘yin”larni fosh qildi. Deputatning aytishicha, ular faqat mototsikl va avtobuslar chirog‘ini yoqib yurishini ma’qullagan, ammo qoida barcha avtomobillarga tatbiq etilgan.
Avvalroq Oliy Majlis deputatlari O‘zbekistonda avtomototransport vositalari chiroqlarni yoqib harakatlanishi shartligi haqidagi qoidani bekor qilish yuzasidan murojaat bilan chiqib, qarorda mamlakatimiz iqlim sharoiti hisobga olinmagani, yozning issig‘ida chiroqlarning yoqib yurilishiga eski avtomobillarning mos emasligi, qaror qabul qilishda jamoatchilik fikri hisobga olinmagani, shuningdek, jarima miqdori boshqa mamlakatlardagiga nisbatan juda balandligini aytib o‘tgandi.
“Daryo” yangiliklarini kuzatib boring. O‘zbekiston va dunyo xabarlaridan eng birinchi xabardor bo‘ling.
Izoh (0)