Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan tadbirkorlarning bozorlarga erkin kirib kelishi, ularga joy ajratilishidagi korrupsiya holatlarini aniqlash borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Foto: Google Images

Xususan, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.M. tadbirkorlar K.Yu. va A.Sh.ga Uchtepa tumanidagi “Farhod dehqon bozori” AJ bozori hududidan savdo qilish uchun joy olib berish evaziga 15.000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, M.M. ikki nafar fuqaroning xorijda o‘qiganligi haqidagi diplomlarini nostrifikatsiya qilib berish evaziga fuqaro A.Sh.ning 1.800 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan M.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.