Surxondaryo viloyatida masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi. Bugun 24-may muborak Juma kuni Termiz shahrida Islom olamidagi ulug‘ alloma Hakim Termiziy nomidagi yangi qurilgan masjidning ochilish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
2018-yilda O‘zbekiston Prezidenti Surxondaryo viloyatiga qilgan safari chog‘ida buyuk alloma Hakim Termiziy majmuasiga yaqin joyda jome masjidi qurilishi bo‘yicha bir qator topshiriq bergan edi.
Ana shu tashabbusning ijrosi sifatida bugun bu joyda 3000 dan ortiq sig‘imga ega bo‘lgan muhtasham jome masjid bunyod bo‘ldi. Mazkur masjid Termiz shahrining darvozasi, ya’ni shaharga kirish yo‘lida barpo etildi.
Masjidning ochilish marosimida ishtirok etgan Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, viloyat bosh imom-xatibi Aliakbar Sayfuddinov va boshqa ulamolar viloyatning barcha tumanlaridan tashrif buyurgan namozxonlarni yangi masjid bilan qutladi. Viloyat hokimi T.Bobolov O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili, bosh imom-xatib A.Sayfuddinovga masjidning Adliya vazirligidan o‘tganligi haqidagi guvohnomani topshirdi.
So‘zga chiqqanlar masjid Hakim Termiziyning salobati, ulug‘vorligiga mos bo‘lgani, bu dargoh aholi uchun hidoyat va ma’rifat maskani bo‘lib, uning iymon-e’tiqodining yuksalishida ko‘p yillar xizmat qilishini ta’kidladi.
Masjidda o‘qilgan birinchi namoz juma namozi bo‘ldi. Qolaversa, bugun 24-maydan taroveh namozlarida xatmi Qur’on boshlanadi.
Izoh (0)