“Ozodlik”da berilgan “Tibbiyot xodimlari ularni ko‘cha tozalashga hokim majburlaganini iddao qilmoqda” nomli materialda Toshkent viloyati Chinoz tumani tibbiyot birlashmasi shifokor va hamshiralari ko‘cha tozalashga majburlanayotgani qayd etilib, bunga misol sifatida tuman tibbiyot birlashmasining 2-shifoxonasi hamshiralarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani aytib o‘tilgan. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Vaziyatga tez kunlarda oydinlik kiritiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ijtimoiy soha xodimlarining jamoat ishlariga majburiy jalb etish holatlariga butunlay chek qo‘yilib, bu borada zarur chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

“Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-mayda qabul qilingan ‘O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida’gi qaroriga ko‘ra Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlari mehnat huquqlari buzilishining oldini olish, tibbiyot xodimlarini qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish ishlariga majburan jalb etilmasligini alohida nazoratga olish borasida aniq vazifalar belgilab olinib, ijrosi ta’minlanmoqda, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuridik bo‘limi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev. – Shuningdek, 2018-yil 16-may kuni Sog‘liqni saqlash vazirining ushbu masala bo‘yicha maxsus buyrug‘i qabul qilinib, unda tizim rahbarlari zimmasiga majburiy mehnatdan foydalanishning har bir holati to‘g‘risidagi axborotni zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yetkazish topshirildi va tibbiyot xodimlarini majburiy jamoat ishlariga bevosita yoki bilvosita jalb etgan rahbar bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi belgilab qo‘yildi”.

Eslatib o‘tamiz, joylarda majburiy mehnatga jalb etish holatlari kuzatilsa, har bir xodim vazirlikning (71) 239-46-10 telefon raqamiga, shuningdek, ssv.uz internet manzilida ko‘rsatilgan elektron pochtasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat yuborishi mumkin. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining 71 256-43-58 ishonch telefoniga ham murojaat qilishlari mumkin.

Shu o‘rinda, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimdagi barcha davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari majburiy mehnatning har qanday turiga jalb etilishiga toqatsiz munosabatda bo‘lishini, agar shunday holatlar aniqlansa, keskin va qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.