O‘zbekistondagi maktabgacha ta’lim muassasalarida pedagoglar ko‘payadi. Ularni tayyorlash uchun respublikadagi 97 ta kasb-hunar kolleji qayta tashkil etilishi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-maydagi 418-son qarorida nazarda tutilgan. Bu haqda Norma xabar berdi.
Har bir viloyatda pedagogika yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan ayrim kasb-hunar kollejlari Maktabgacha ta’lim vazirligining (MTV) pedagogika kollejlari etib qayta tashkil etiladi. Qayta tashkil etiladigan ta’lim muassasalari ro‘yxati hujjatga ilovada berilgan bo‘lib, barcha hududlar, shu jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrini (poytaxt pedagogika kolleji) qamrab olgan.
1 oy muddatda kollejlarning bino va inshootlari tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida MTVga tekinga topshiriladi. Bunda ularning bo‘sh turgan binolariga MTV tizimidagi davlat muassasalari, shu jumladan bolalar bog‘chalari hamda ularning tayyorlov guruhlari tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
MTV qayta tashkil etilgan kollejlarning faoliyatiga rahbarlik qiladi va ularning tashkiliy-kadrlar bazasini mustahkamlash bilan shug‘ullanadi. MTV huzuridagi Maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti esa o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtirish hamda amaliy va axborot resurslari jihatidan ko‘maklashish bilan shug‘ullanadi.
Yangi pedagogika kollejlariga umumta’lim hamda ixtisoslashtirilgan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, shuningdek, akademik litseylar bitiruvchilari o‘qishga qabul qilinadi. Qabul kvotalarini MTV belgilaydi. Qayta tashkil etiladigan kollejlarga o‘qishga qabul qilingan o‘quvchilar o‘qishni amaldagi o‘quv dasturlari asosida tugatadi.
2019-yil 1-sentyabrgacha tayyorlov yo‘nalishlari va mutaxassisliklar ro‘yxati, o‘quv reja va dasturlar rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Qayta tashkil etiladigan o‘quv muassasalari asosiy faoliyatiga qo‘shimcha ravishda boshqa pullik xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2019-yil 20-maydan kuchga kirdi.
Izoh (0)